Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida O‘zbekiston Kurash federatsiyasi taqvim rejasidagi joriy yilgi so‘nggi musobaqa – kattalar (erkaklar va ayollar) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi boshlandi.

Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 500 nafardan ziyod polvon ishtirok etmoqda.

Tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy kurashni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Yangi yil arafasida o‘tkazilayotgan musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Musobaqaning dastlabki kuni erkaklar 60, 66, 73 kg, ayollar 48, 52, 57, 63 kg vazn toifasida kuch sinashdi.

O‘z vazn toifalarida Sobirxo‘ja Yusupov, Shahzod Davronov, Muhriddin G‘iyosov, Gulzabira Tileuimbetova, Umida Djumaniyazova, Muslimaxon Ahmedova, Dispina Bachkova g‘olib bo‘ldi. Bugun, shuningdek, erkaklar 81, 90, 100, +100 kg, ayollar esa 70, 78, 87, +87 kg vazn toifalarida gilamga chiqdi.

Ertaga jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi. 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari