Rio-de-Janeyro sudi Ednaldo Rodrigesni Braziliya futbol konfederatsiyasi prezidenti lavozimidan ozod etib, Xose Perdisni vaqtinchalik prezident etib tayinlashi ortidan FIFA va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) “tashqi aralashuv” sababli Braziliyani o‘z tizimidagi tadbirlardan, jumladan futbol musobaqalaridan chetlatish chorasini ko‘rishini e’lon qilgan, deya xabar tarqatdi Braziliyada faoliyat yuritadigan UOL nashri.
FIFA va KONMEBOL vaziyatga oydinlik kiritish, “tashqi aralashuv” holatini o‘rganish va yechim topish uchun 2024 yilning 8 yanvarida Rio-de-Janeyroga vakillarini yuboradi. Braziliyaga keladigan xalqaro futbol mutaxassislari Braziliya futbol konfederatsiyasi tegrasida yuz berayotgan voqealarga oydinlik kiritishi lozim bo‘ladi.
Tekshiruv va tahlillar holatida hukumat aralashuvi yuz berganligi tasdiqlansa, futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoalari xalqaro musobaqalarda qatnasha olmasligi mumkin.
Aytish lozimki, xuddi shunday vaziyat Mali, Zimbabve, Shri-Lanka va Keniya futbol tashkilotlarida ham ro‘y bergandi.
Braziliya jahon chempionatlari tarixidagi eng muvaffaqiyatli terma jamoa hisoblanadi. Ushbu jamoa hozirda 2026 yilgi Jahon chempionati uchun o‘tadigan Shimoliy Amerika saralash turnirlari hamda 2024 yili AQSHda bo‘lib o‘tadigan Amerika kubogi uchun o‘tadigan saralash bahslariga hozirlik ko‘rmoqda. Mamlakat futbol klublari esa 2024 yil fevral oyidan boshlanadigan Libertadores va Amerika kubogi musobaqalarida ishtirok etishi lozim.
FIFA va KONMEBOL tomonidan Braziliyaga cheklovlar joriy etilishi esa vaziyatning chigallashishiga olib kelishi mumkin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA