FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi 1-umumta’lim maktabida ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu yerda 759 nafar o‘quvchi saboq olmoqda.
Maktab qoshidagi eski ustaxona 2021/2022, 2022/2023 o‘quv yillarida “Ochiq byudjet” portali orqali ajratilgan 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinib, kasbga o‘qitish markaziga aylantirilgan. Hozirda o‘quvchi-yoshlar markazda tashkil qilingan duradgorlik, tikuvchilik va pazandachilik yo‘nalishidagi mashg‘ulotlarda kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Ustaxonalar zarur anjom va jihozlar bilan ta’minlangan.
Maktab jamoasi 2022/2023 o‘quv yilida o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 2-o‘rinni egallab, 75 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan. Ushbu mablag‘ evaziga maktabga zarur o‘quv jihozlari, ya’ni, chet tili xonalariga interaktiv doskalar, xorijiy tilni o‘rgatishga oid 200 dan ortiq o‘quv qo‘llanmalari va adabiyotlar sotib olingan.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari “Besh tashabbus olimpiadasi”, futbol hamda milliy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egallamoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA