Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalariga Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat universitetining professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Abdug‘ani Abdurasulov dars bermoqda.

Filial direktori bilan bo‘lgan samimiy muloqot davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish, kelgusida akademik almashinuvi doirasida aloqalarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash orqali har ikki tomonning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi. Shuningdek, filialning ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i A.Mambetnazarovga O‘sh davlat universiteti talaba-yoshlariga onlayn ma’ruza mashg‘ulotlarini olib borganligi uchun oliy o‘quv yurti rektori nomidan sertifikat topshirildi.

Qirg‘izistonlik professor filialning “Zooinjeneriya” yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlariga zoogigiyena va chorvachilik inshootlarini loyihalashtirish va chorvachilik yo‘nalishida hafta mobaynida 24 soat dars mashg‘ulotini olib boradi.

–Nukus shahriga ilk marta tashrif buyurishim, qoraqalpoq birodarlarning samimiyati va mehmondo‘stligi menda iliq taassurot uyg‘otmoqda, – deydi A.Abdurasulov. – Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi nafaqat iqtisodiy faoliyat turi, balki aholining salmoqli qismi uchun turmush tarzi hisoblanadi. Bu yerga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda ham chorvachilik sohasiga alohida e’tibor qaratilib, mazkur sohada ta’lim olayotgan talabalarga yetuk bilimlar berilayotganiga guvoh bo‘ldim. Talaba-yoshlar professor tomonidan olib borilayotgan ma’ruzalar davomida o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, Qirg‘izistonning chorvachilik sohasi va uning tarmoqlari, sohaning bugungi holati va olib borilayotgan islohotlar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.

Filial va xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomalari mana shu tarzda o‘z samarasini bermoqda. Bundan avval filialga Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universitetining professorlari kelib, ular tomonidan ma’ruzalar tashkil etilgan edi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri