Bayram arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida 15-son maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 3-son umumta’lim maktabining qo‘shimcha binolari foydalanishga topshirildi.

1993 yilda 140 o‘ringa mo‘ljallanib qurilgan 15-son maktabgacha ta’lim tashkilotiga davlat investitsiya dasturi asosida 3 milliard 836 million so‘m mablag‘ ajratilib, qo‘shimcha 90 o‘ringa mo‘ljallangan yangi bino qurib bitkazildi. Zamonaviy bino “Mohira-Baxt” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi tomonidan qisqa muddat ichida qurib bitkazildi. Natijada bolajonlar barcha imkoniyatlarga ega, keng va yorug‘, issiq xonalarda ta’lim-tarbiya olishga musharraf bo‘ldilar. Konstitutsiya qabul qilingan kun ularga qo‘shaloq bayram bo‘lib keldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.  Tumandagi 3-son umumta’lim maktabining 464 o‘rinli mavjud binosining mukammal ta’mirlanishi  va 540 o‘rinli yangi binosi qurilishi fikrimiz isbotidir. Ushbu ishlarga 6 milliard 696 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Hozirda maktabda 850 nafar o‘quvchi yoshga 60 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. Maktab binosi “Qirqqiz maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi tomonidan qurib bitkazildi.

Maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda umumta’lim maktabi qo‘shimcha binolarini foydalanishga topshirish marosimida so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bilan tabrikladi. Yangilangan Konstitutsiyada ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olgani, ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, yangi normalar bilan mustahkamlanganini qayd etdilar. Mazkur binolar qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilar munosib rag‘batlantirildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binolarda bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri