Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani tashkil etilganining 95 yilligiga bag‘ishlanib turli ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, qoraqalpoq milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha oshpazlar tanlovi o‘tkazildi. Tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tanlovda 16 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inidan vakillar ishtirok etib, pazandalik mahoratini namoyon qildi. Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘inidan Balzira Nurimova birinchi,  “Jiluan jap” mahalla fuqarolar yig‘inidan Ayjamal Rametova ikkinchi, “Obod makon” mahalla fuqarolar yig‘inidan Sapura G‘aybullayeva uchinchi o‘rinlarga munosib deb topildi.

Shuningdek, mini futbol bo‘yicha musobaqada tumandagi korxona, tashkilot va o‘quv yurtlaridan jamoalar ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan musobaqa yakunida g‘oliblar aniqlandi. Birinchi o‘rinni tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, ikkinchi o‘rinni sport maktabi, uchinchi o‘rinni 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoalari egalladi.

Tanlov va musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari