FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida bugungi kunda 80 mingdan ortiq noyob eksponat saqlanmoqda.

Muzeyda arxeologiya, tabiat, etnografiya, numizmatika, yangi tarix, ko‘chma ko‘rgazma, noshirlik ishlari va axborot texnologiyalarini joriy qilish bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ekspozitsiya zali asosiy to‘rtta – tabiat, arxeologiya, etnografiya va yangi tarix bo‘limlaridan iborat. Ular fondida to‘plangan eksponatlar kolleksiyasi Orolbo‘yi tabiati, uning flora va faunasi, shuningdek, o‘lka arxeologiyasi, tarixiy-madaniy yodgorliklari, qoraqalpoq xalqi milliy hunarmandchiligi, etnografiyasi, amaliy va tasviriy san’atiga tegishli ashyolardan iborat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyiga filial sifatida Mo‘ynoq tumanidagi Ekologiya muzeyi va Ellikqal’a tumanidagi Arxeologiya muzeyi biriktirilgan.

Muzeyda mahalliy va xorijlik tashrif buyuruvchilarga qoraqalpoq, o‘zbek, rus va ingliz tillarida ekskursiya tashkil etiladi.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida muzey ekspozitsiya zali va uning ikkita filialiga 38 ming 800 dan ziyod kishi tashrif buyurgan. Shundan 3 ming 404 tasi chet ellik sayyohlardan iborat. Bundan tashqari, 21 ming 190 nafar bolajon va o‘smir yoshga, 600 nafarga yaqin keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan fuqaroga bepul xizmat ko‘rsatilgan.

O‘zA fotomuxbiri Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar