FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi 1-kasb-hunar maktabida avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash, oqava suv va suv ta’minoti tizimlaridan foydalanish hamda montaj qilish ustasi, laborant analitik, tikuvchi, payvandlovchi, kompyuter grafikasi va dizayn operatori, o‘t o‘chiruvchi kabi 10 ta mutaxassislik bo‘yicha 947 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Kasb-hunar maktabida o‘quvchi-yoshlarning sifatli bilim olishi va mahorat oshirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Fan va laboratoriya xonalari, zamonaviy sport zali, axborot-resurs markazi, amaliyot ustaxonalari, avtomobillarni boshqarish maydonchasi yoshlar ixtiyorida. Bundan tashqari tuman va chekka qishloqlardan kelib bilim olayotgan o‘quvchilar uchun 100 o‘rinli yotoqxona tashkil etilgan.
Maktab o‘quvchilari respublika miqyosida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, maktab o‘quvchilaridan tarkib topgan jamoa joriy yil o‘tkazilgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘ldi.
O‘tgan 2022/2023 o‘quv yilida kasb-hunar maktabini 419 nafar o‘quvchi bitirdi. Shundan 270 nafarga yaqin bitiruvchining ish bilan bandligi ta’minlandi. 100 nafarga yaqini oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA