Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida faoliyat yuritayotgan, veterinar diplomiga ega bo‘lmagan, lekin amaliy tajribaga ega xodimlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda veterinariya va chorvachilik sohasi hamda uning tarmoqlarini jadal rivojlantirish, yirik loyihalarni amalga oshirish, sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning bilimini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, sohaning izchil rivojlanishiga zamin yaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminarga 100 nafardan ziyod tinglovchi jalb qilindi. O‘quv-seminarning ilk kunida “Respublikadagi chorvachilik sohasidagi dolzarb masalalar”, “Chorva mollarini oziqlantirish texnologiyalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Bir hafta davom etadigan o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad tumanlardagi fermer xo‘jaliklarida faoliyat yuritayotgan va mutaxassisligi bo‘yicha diplomga ega bo‘lmagan, lekin amaliy tajribaga ega bo‘lgan xodimlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularning amaliy ko‘nikmalarini yanada boyitishdan iboratdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri