Ijtimoiy soha ob’ektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida muassasalar davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida modernizatsiya qilinmoqda.

Xalq deputatlari Kegeyli tuman Kengashining joriy yil 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida ijtimoiy soha ob’ektlarini 2023-2024 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorlashni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid masalalarni muhokama qilish borasida deputatlar tomonidan tumandagi 37-sonli umumta’lim maktabining isitish tizimida uzoq yillardan buyon o‘rin olayotgan muammolar, ularni bartaraf qilish bo‘yicha munosabatlar bildirilgan edi.

Tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari B.Iskenderov va tegishli tashkilot vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh a’zolari tomonidan mazkur maktab isitish tizimining bugungi kundagi ahvoli o‘rganildi. Ma’lum bo‘lganidek, 240 o‘ringa mo‘ljallangan maktab 1974 yili qurilgan bo‘lib, unda hozirgi kunda 143 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ta’lim muassasasida 3 ta qozonxona mavjud. Shundan 2 ta qozonxona, pech va ichki isitish tizimi bugungi kunda yaroqsiz holatda. Sport zalning isitish tizimi ishlamaydi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun 40 tonna ko‘mir zaxirasi jamg‘arilgan. O‘rganishlar davomida maktabning isitish tizimida haqiqatdan ham muammolar borligi aniqlandi va qisqa muddatda bartaraf qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, maktabning isitish tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Rivoj Mo‘ynoq qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri.