Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarning ijobiy hal etilishiga, ularning bugungi kundan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.

Buni har bir shahar va tumanda, shuningdek, chekka hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda ko‘rish mumkin. Mazkur qabullar davomida aholidan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati ijobiy yechim topmoqda.

– Joriy yil 9 oyi davomida jami 888 ta masala bo‘yicha murojaat kelib tushdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri J.Ubbiniyazov. – Shundan 870 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 420 tasi ijobiy yechimini topgan, 227 tasi bo‘yicha huquqiy maslahat berilgan, 12 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan. 138 tasi yuzasidan tushuntirish berilib, bugungi kunda 18 ta murojaat o‘rganish jarayonida.

Jumladan, “Arzimbetqum” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro A.Kamalov Xalq qabulxonasiga bildirgan murojaatida uy-joyiga qo‘shimcha poydevor quyish uchun qurilish ishlarini olib borishda amaliy yordam so‘ragan. Ushbu masala tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganib chiqildi va ijobiy hal qilindi. Ushbu ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.Karimbekova qizi G.Yeshmuratovani davolatish uchun moddiy yordam so‘rab, murojaat qilgan. Murojaat Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinib, unga 10 million so‘m moddiy yordam puli ajratildi. Shuningdek, “Qonliko‘l” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.Saparovaning kredit olish maqsadida tuman “Xalq banki” filialiga zarur barcha hujjatlarni topshirgani, ammo shu kunga qadar kredit hal qilinmaganligi to‘g‘risidagi murojaati nazoratga olinib, fuqaroga 33 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi.

Tumanning “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Genjebayevga tadbirkorlikni boshlashi uchun yer ajratilgan, lekin unga tegishli tashkilotlar tomonidan har xil bahona bilan qurilish ishlariga ruxsat berilmay kelingan. Fuqaroning ushbu murojaati o‘rganib chiqildi va ijobiy hal qilindi.

Bundan tashqari, sektor rahbarlari hamda Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan har bir hududda sayyor qabullar o‘tkazilib, unda fuqarolar tomonidan bildirilgan muammolar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda. Jumladan, 3-sektor rahbari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabul davomida “Qosjap” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Bozatau” ovulida yashovchi aholini qiynab kelayotgan muammolar o‘rganildi. Ovul hududidagi 2,7 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Ushbu ovul fuqarolar yig‘inda yashovchi fuqarolar M.Ibragimova, F.Seitjanova hamda T.Kaliyevalarning uylarini ta’mirlashda amaliy yordam so‘ragan murojaatlari asosida ularga qurilish materiallari olib berildi.

Har bir murojaat zamirida inson taqdiri yotadi. Shunday ekan, kelgusida ham fuqarolarning murojaatlarini tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganib chiqib, ijobiy hal etish choralari ko‘riladi. Zero, murojaatlar bilan ishlash bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri