Kunlar sovishi bilan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ham ortishi tabiiy hol. Bunday vaziyatda aholi va ishlab chiqarish sohalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida muqobil energiya manbalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida ushbu yo‘nalishda tuzilgan ishchi guruh tomonidan ob’ektlarda quyosh panellari o‘rnatilishi borasidagi ishlar nazoratga olindi. “Sanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankida joriy yil boshidan zamonaviy muqobil energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ob’ektga o‘rnatilgan 60 kvt/s quvvatli quyosh paneli yordamida ishlab chiqarilayotgan energiya bank elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 50 foizini to‘la qoplamoqda. Yil boshidan jami sarflangan 111 Mvt energiyaning qariyb 55 Mvti yashil energiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Ob’ektga o‘rnatilgan muqobil energiya manbalari yordamida yiliga o‘rta hisobda tashkilotning 75 million so‘m pul mablag‘i iqtisod qilinishiga erishilgan.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan jami 64 ta masjiddan 50 tasida quyosh paneli o‘rnatilib, ushbu ijtimoiy soha ob’ektlarida yashil energiyadan keng ko‘lamda foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ishchi guruh vakillari Nukus shahridagi Imom eshon Muhammad jome masjidida bo‘lib, o‘rnatilgan quyosh panellari monitoringini amalga oshirishdi. 5 kvt/s quvvatga ega o‘rnatilgan quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilayotgan energiya yillik 36 ming kvtga teng bo‘lgan ob’ekt ehtiyojining 30-35 foizini qoplamoqda.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab jami 7 ming 107ta ob’ektda quvvati 33 ming 818 kvtga teng bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning dastlabki 9 oyi natijasiga ko‘ra, hududdagi jami 3 ming 5ta ob’ektga quvvati 15 ming 960 kvtlik quyosh paneli o‘rnatilishi ta’minlangan.

Energiyaning ekologik toza, qulay va samarali manbalaridan foydalanish aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qanoatlantirib, unga sarflanadigan mablag‘ning tejalishiga ham zamin yaratmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, quyosh panellari xalq farovonligi yo‘lida tashlangan muhim qadamdir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri