Qaror va ijro
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabida maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini yanada oshirish, ularda zamonaviy to‘garaklarni tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yosh avlodning ijodiy qobiliyatini aniqlash va rivojlantirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbus amaliyotga joriy etilmoqda.
Mazkur maktablarning asosiy vazifasi yosh avlodning qiziqishiga binoan ularning ijod va san’atga bo‘lgan qobiliyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, san’at, sport, axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish, bolalarda kasbni egallash bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta respublika, 17 ta shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu maktablardagi 822 ta to‘garakka 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 24 ming 63 nafar o‘quvchi jalb qilingan bo‘lib, ularga 876 nafar pedagog- mutaxassis ta’lim va kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, mahoratlarini yanada yuksaltirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. O‘quvchilar turli to‘garaklarda ta’lim olish bilan birga, shahar, tuman, respublika, shuningdek, xorijda o‘tkazilgan ko‘rgazma, ko‘rik-tanlovlar hamda festivallarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashmoqda. Shuningdek, har bir chorakda beriladigan ta’til kunlarida turli tadbirlar, uchrashuvlar, ko‘rik- tanlovlar tashkil etilmoqda.
2022-2023 o‘quv yilida har tomonlama sifatli ta’lim berish, o‘quvchilarning yozgi ta’til kunlarini mazmunli va foydali tashkil etish maqsadida ushbu maktablarda “Sog‘lomlashtirish maydonchalari” hamda bepul to‘garaklar tashkil etildi. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab respublika, shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan umumta’lim maktablarida 461 ta to‘garakka 14 ming 385 nafar, mahallalardagi 5 ta to‘garakka 100 nafar, bolalar bog‘chalaridagi 5 ta to‘garakka 100 nafar hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi 5 ta to‘garakka 184 nafar o‘quvchi jalb qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 maydagi “2022-2026 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida respublika bo‘yicha 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Zamonaviy kasblar” laboratoriyasini tashkil etish va to‘garak rahbarlarini o‘qitish belgilangan edi. Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Kompyuter dizayni va grafikasi”, “Robototexnika” hamda “Yosh dasturchi” to‘garaklari tashkil etildi. Bundan tashqari, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida “Kompyuter grafikasi” to‘garagi faoliyatini boshladi.
Prezidentimizning 2023 yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan “Sirdaryo tajribasi” asosida Xo‘jayli tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida milliy sertifikat (CEFR) va xorijiy sertifikatlarga (IELTS, TOEFL) o‘qitish uchun “Ingliz tili” to‘garaklari tashkil etildi. Yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash, bunda ularning san’at, sport, axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish maqsadida barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “Buyuk kelajakka barkamol avlod bilan” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazildi.
“Yangi imkoniyatlar oyligi” doirasida o‘quvchi-yoshlarning iqtidor va iste’dodlarini yanada yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan “Jahon milliy raqslari” ko‘rik-tanlovining mamlakatimiz bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “To‘maris qizlari” guruhi a’zolari uchinchi o‘rinni, “Rassomlik san’ati” to‘garagi a’zosi Islom Ajimuratov joriy yilning sentyabr oyida Rossiyada o‘tkazilgan yosh rassomlarning “Lev Tolstoy – eto selыy mir” mavzusidagi onlayn tanlovida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Taxtako‘pir, Mo‘ynoq, Shumanay tumanlari “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak a’zolari Makedoniyada o‘tkazilgan “Multfilmlar galereyasi”, Xitoyning Ninbo shahrida o‘tkazilgan onlayn tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
O‘quv-seminarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga o‘quvchilar qamrovini oshirish, o‘quvchilar qiziqishlariga ko‘ra zamonaviy, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi to‘garaklarni tashkil etish, o‘quvchi yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish kabi muhim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari