Nukusda “Kardar academy school” nodavlat umumta’lim muassasasining ochilish marosimi bo‘ldi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy, shu jumladan, Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilganligini qayd etdi.
Joriy yil 28 avgust kuni Prezident raisligida maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish orqali yiliga kamida 25 ming o‘quvchi o‘rnini ochish, buning uchun tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil qilish uchun imtiyozlar berish vazifasi belgilangandi.
Nukus shahrida ish boshlagan “Kardar academy school” nodavlat umumta’lim muassasasi shular jumlasidandir. Mazkur muassasaning qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 3 milliard 76 million so‘m mablag‘ ajratildi. Unda ta’lim oladigan 300 nafarga yaqin o‘quvchiga o‘z kasbining fidoyisi hisoblangan tajribali o‘qituvchilar, shu jumladan, ingliz tilidan C1 hamda B2 darajalaridagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan pedagog xodimlar dars beradi. Muassasada darslardan tashqari xitoy, koreys va turk tillari, matematika va mental matematika, shaxmat-shashka, milliy va zamonaviy raqs to‘garaklari faoliyat olib boradi.
Tadbir ishtirokchilari muassasada o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari