Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani “Yesim” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 2-sonli umumta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi U.Utambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri vazifasini bajaruvchi G.Kojabayeva va boshqalar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishini jadallashtirish, yer resurslaridan oqilona foydalanishda davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi “Yesim” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 10 gektar yer maydoni tanlab olinib, 2022-2024 yillar mobaynida ko‘p qavatli uylar hamda 330 o‘rinli maktab binosini qurish belgilangan edi. Natijada maktabning yangi binosi “To‘rtko‘l agrotemiryo‘l ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.
Tadbirda sektorlar rahbarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari, nuroniylar, ota-onalar va hudud aholisi ishtirok etib, maktabning yangi binosida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri