Ordenli o‘qituvchilar
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘qituvchi kasbining ahamiyati va obro‘-e’tiborini oshirish, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari mehnatini rag‘batlantirish hamda ular hayotining moddiy shart-sharoitlarini yaxshilash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimizda o‘quvchi va talaba yoshlarga ilm-fan asoslari, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yetuk va barkamol avlodni shakllantirish yo‘lidagi katta xizmatlari, farzandlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyati uchun bir guruh soha fidoyilari faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Mo‘ynoq tumani ixtisoslashtirilgan maktabining matematika fani o‘qituvchisi Dilbar Tleuova ham bor. U II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Dilbar Tleuova 2001 yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomlab, mehnat faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mo‘ynoq tumani 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlarga matematika va informatika fanidan ta’lim berishdan boshladi. Bugungi kunda maktabdagi ko‘p yillik tajribaga ega, yuqori malakali pedagoglardan biri hisoblanadi. U 2016-2017 o‘quv yilida “Ustoz-shogird” dasturi bo‘yicha tuman maktabi o‘qituvchilari ishtirokida 8-sinfda “Trapetsiyaning o‘rta chizig‘i”, 2017-2018 o‘quv yilida “Kvadrat tenglamani yechish”, 2018-2019 o‘quv yilida 9-sinfda “Daraja qatnashgan tenglama va tengsizliklar” mavzularida namunali ochiq darslar o‘tilib, metodik qo‘llanmalari va dars ishlanmalari ishlab chiqildi hamda tuman maktablariga tarqatildi.
Uning shogirdlari matematika fanidan o‘tkazilayotgan fan olimpiadalari hamda “Bilimlar bellashuvi” tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, o‘quvchisi Z.Baymuratov 2017-2018 o‘quv yilida “Bilimlar bellashuvi”da tumanda faxrli ikkinchi, 2018-2019 o‘quv yilida birinchi, 2019-2020 o‘quv yilida yana birinchi o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi. 2021-2022 o‘quv yilida STEAM fanlariga ixtisoslashtirilgan 8-sonli Innovatsion maktabning 9-sinf o‘quvchisi G.Urazaliyeva fanlar olimpiadasining tuman bosqichida faxrli I-o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida yaxshi natijani qo‘lga kiritdi.
– D.Tleuova maktabning aniq fanlar bo‘yicha metodika birlashmasi rahbari sifatida so‘nggi yillarda ilg‘or pedagoglarning 40 dan ziyod o‘quv-uslubiy tavsiyasi, namunaviy dars ishlanmalari va elektron taqdimot materiallarini to‘plab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosida ommalashtirilishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda, – deydi maktab direktori Maqset Uteniyazov. – O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etib, mazkur tadbirlarda mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda erishilgan yuksak natijalar, yoshlarga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilgan keng imkoniyatlarni faol targ‘ib qilmoqda.
Tajribali o‘qituvchi D.Tleuova ko‘p yillik samarali mehnati hamda yosh avlodni tarbiyalashda namunali natijalarga erishganligi uchun O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining “Faxriy yorliqlari”, “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2016-2017 o‘quv yilida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik- tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallab, respublika tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
– Kasb bayrami arafasida menga berilgan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilimli, yuksak salohiyatli va barkamol avlodni tarbiyalash, ularga zamonaviy bilim berish yo‘lida yanada izlanishga, yangi marralarni zabt etishga undaydi, – deydi Dilbar Tleuova.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri