Osiyo o‘yinlarining qizg‘in kurashlarga boy to‘rtinchi kungi bahslari ham boshlandi. Bugun, 27 sentyabr kungi musobaqalar davomida 47 ta medallar jamlanmasi o‘z egalarini topadi.
O‘zbekiston sportchilari kun davomida suzish, velosport, qilichbozlik, gimnastika, dzyudo, shaxmat, kibersport, suzish, o‘q otish, taekvondo, ushu, boks musobaqalarida ishtirok etadi.
Hozirgacha o‘tkazilgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Murodjon Yuldoshev, Davlat Bobonov, Alisher Yusupov, Rinata Ilmatova, Diyora Keldiyorova, Gulnoza Matniyozovadan iborat terma jamoamiz a’zolari Tailand jamoasini dog‘da qoldirdi. Yarim finalda Xitoyni 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va finalga yo‘l oldi. Endi dzyudochilarimiz oltin medal uchun Yaponiya vakillari bilan ro‘baro‘ keladi.
100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha final bahsida o‘zbekistonlik Eldorbek Usmonov ishtirok etadi. Ushbu musobaqa kuning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Qilichbozlik bo‘yicha rapira yo‘nalishidagi erkaklar terma jamoamiz chorak finalda Xitoyga qarshi bahs olib bordi va 26:45 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Tennischimiz Humoyun Sultonov yakkalik bahslari chorak final o‘yinini o‘tkazmoqda. Xitoy Taypeyi vakiliga qarshi kechayotgan bahsda u birinchi setda 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Suzuvchimiz Yegor Petryakov 200 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha saralash bosqichida 1:52:00 natijani qayd etdi. Petryakov bu natija orqali o‘z saralash guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, ammo bu natija Yegorning finalga chiqishi uchun yetarli bo‘lmadi.
Bugun kun davomida taekvondo bellashuvlarida terma jamoamiz a’zolaridan Jasurbek Jaysunov, Feruza Sodiqova va “Tokio-2020” Olimpiadasi g‘olibi Ulug‘bek Rashitov medallar uchun kurash olib boradi.
Shuningdek, kun davomidagi saralash muksobaqalarida gandbolchi yigitlarimiz “S” guruhida Bahrayn jamoasi bilan, ayollarimiz esa Qozog‘iston vakillari bilan kuch sinashadi.
Boks bahslarida 50 kilogrammda vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Sabina Boboqulova nimchorak finalda singapurlik Matial Danisha bilan, yigitlarimizdan Ruslan Abdullayev — Chinzorig Batarsux (Mo‘g‘uliston). Lazizbek Mullajonov — Sanjiit (Hindiston) bilan keyingi bosqich masalasini hal etadi.
Shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nilufar Yakubboyeva, Umida Omonova o‘tkazadigan musobaqalar ham kun davomidagi eng e’tiborli musobaqalar sirasiga kiradi.
Umidimiz, Osiyo o‘yinlarining bugungi bahslarida ham hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarga ega chiqqan holda mardonavorlik ko‘rsatadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA