Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoning besh respublikasi bilan hamkorlikni strategik jihatdan muhim, deb hisoblaydi va aloqalarni rivojlantirish niyatida. Bu haqda Davlat departamentining terrorizm bilan kurash masalasi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi o‘rinbosari Gregori Lojerfo bayonot berdi.
“Biz Markaziy Osiyoda bo‘lganmiz, bu jarayonni yana davom ettiramiz. Gap strategik hamjihatlik haqida ketmoqda”, – dedi diplomat Vashingtondagi Amerika tadbirkorlari institutidagi chiqishida.
– Bu mintaqada Rossiya va Xitoy bor, – dedi u. – Markaziy Osiyodagi sheriklarimiz boshqa hamkorlar qatori shuni bilsinlarki, biz ishonchli sherikmiz.
TASS agentligi xabarida Lojerfo besh respublika bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida batafsil gapirmagani, faqat Afg‘oniston hududidan keladigan tahdidga qaratilgan chegara nazorati bo‘yicha hamkorlikka to‘xtalgani aytilgan.
AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari 19 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasi doirasida uchrashuv o‘tkazgan edi.