Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuniga bag‘ishlangan “Ozon qatlami – yerning qalqoni” mavzusida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Nukus shahar Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar haddan tashqari ko‘p ishlatilishi tufayli yemirilib, 1980 yillar so‘ngida “Ozon darchalari” paydo bo‘lib, uning himoya xususiyati pasayganligini ta’kidladi. 1985 yili “Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risida” gi Vena konvensiyasi qabul qilingani mazkur muammoning yechimini topishda bosh mezon bo‘ldi.
Olimlar va ekspertlarning izlanishlari natijasida ozonni yemiruvchi eng zararli hamda kelgusida aholi xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan moddalar aniqlanib, ularning xulosalari 1987 yil 16 sentyabr kuni “Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi”ning qabul qilinishiga asos bo‘ldi. Davlatimiz 1993 yildan boshlab “Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risida” gi Vena konvensiyasi va “Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi” tarafdori ekanligi qayd etgan.
Qolaversa, davlatimiz tomonidan 2021 yil 9 martda hukumatning qarori bilan “Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha” Milliy dastur qabul qilingani, unga muvofiq 2019-2024-yillarga mo‘ljallangan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali ozon qatlamini buzuvchi moddalarni butunlay iste’moldan chiqarish bo‘yicha 8,6 million dollarga teng bo‘lgan loyiha amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab aholining barcha qatlamini, ayniqsa yoshlarni jalb etgan holda bir necha yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotganligi hamda ularni ko‘paytirish orqali ozon qatlamining yemirilishiga qarshi “yashil belbog‘” sifatida ona yerimizning qalqoni himoya qilinayotganligi qayd etildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar batafsil javob berdi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri