Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmasi – YUNICYeF va Jahon banki “Xalqaro ochlik chegarasida qashshoq yashayotgan bolalar” mavzusidagi qo‘shma hisobotini e’lon qildi. Hujjatda qayd etilishicha, 2013-2022 yillar davomida “o‘ta qashshoq” kun kechirayotgan bolalar soni 383 milliondan 333 millionga tushib, ayni ko‘rsatkich 13 foiz kamaygan.
Ma’lumki, kelasi hafta Nyu-Yorkda boshlanadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida Barqaror rivojlanish maqsadlari keng muhokama qilinadi. Qayd etilishicha, hozirgi sur’atda bolalar qashshoqligiga barham berish maqsadiga 2030 yilgacha erishib bo‘lmaydi. Eng ko‘p qashshoq bolalar, ya’ni umumiy miqdorning 40 foizi Sahroi Kabirdan Janubi-g‘arbiy Afrikagacha bo‘lgan hududga to‘g‘ri keladi. Mintaqada 2013 yil 54,8 foizni tashkil etgan bolalar qashshoqligi darajasi 2022 yil 71,1 foizga ko‘tarilgani ta’kidlangan.
YUNICYeF va Jahon banki hukumatlar va manfaatdor tomonlarni ushbu masalaga ustuvor ahamiyat berishga chaqirdi.
G.Sattorova, O‘zA