Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Nukus shahar hokimi hamda huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Nukus shahar hokimi A.Daniyarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev, ichki ishlar vaziri B.Torebekov, Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i M.Yusupov, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i A.Davletov bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish borasida keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.
So‘zga chiqqanlar yoshlar o‘rtasida ko‘p uchraydigan huquqbuzarliklar va jinoyatlar, ularning oldini olish, korrupsion holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish, turli oqim va g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarning salbiy oqibati to‘g‘risida tushuntirishlar berdi. Har bir talaba oliygohda ta’lim olish jarayonida o‘z oldiga yetuk mutaxassis bo‘lish, el-yurti uchun xizmat qilishni maqsad qilib qo‘ysagina, kelajakda komil inson bo‘lishi aytildi.
Uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri