Marokash Podshohi Muhammad VI 8 sentyabr kuni kechqurun mamlakatda sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Saroydan tarqatilgan bayonotda aytilgan.
Mazkur qaror monarx boshchiligidagi ayrim hukumat a’zolari, huquqni himoya qilish idoralari rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda qabul qilingan.
Podshoh, shuningdek, zilzila tufayli boshpanasidan ajralgan, xususan turar-joy, oziq-ovqat va boshqa asosiy zarur narsalarga ehtiyoji bor barcha odamlarga kechiktirmasdan yordam ko‘rsatishni buyurdi.
Muhammad VI shoshilinch tarzda qisqa muddatda talafot ko‘rgan tumanlarni qayta tiklash dasturini amalga oshiradigan mas’ul idoralararo komissiya tashkil etishga chaqirdi.
Yig‘ilish yakunida jabrdiydalarga ko‘mak jarayonida avvalgi qirol nomi bilan bog‘liq Muhammad V Birdamlik jamg‘armasidan to‘liq foydalanishga ruxsat berildi.
Muhammad VI og‘ir kunlarda Marokash xalqiga hamdarlik, jumladan har qanday yordam berishga tayyorligini bildirgan “birodar va do‘st mamlakatlarga samimiy minnatdorlik izhor qilgan”.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni mingdan oshib ketgan.
O‘zA