Jumadan jumagacha
Rejep Tayyip Erdog‘an va Putin uchrashuv muddati to‘g‘risida bir oydan oshiq vaqt mobaynida turli farazlar aytildi. Avgustning boshida, o‘rtasida, oxirida bo‘lar ekan, degan gap-so‘zlar ortda qolib, nihoyat, 4 sentyabr kuni ikki yetakchi Sochida muzokara o‘tkazdi.
Turkiya hukumatiga yaqin OAV kutilgan natijaga erishilmagani uchun tashrifni ehtiyotkorlik bilan yoritdi. Davlat rahbarining avvalgi safarlardagi ko‘tarinki ruh sezilmadi….
Muzokara markzida “don shartnomasi” turgani aniq. Turkiya Ukraina, Rossiya va BMT ishtirokida eski formatdagi bitimga qaytishni qat’iyan istagan edi.
ctalabi asosida BMT bilan birga qandaydir yangi bitim loyihasi ishlab chiqilayotgani qisman ma’lum bo‘ldi. Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kemalarini sug‘urtalash va “Rosselxozbank”ning xalqaro banklararo to‘lov tizimi – SWIFT bilan munosabatisiz hamkorlikni davom ettirish masalasi ustida ish olib borilyapti…
Putin Sochida yana bir bor Rossiya avvaldan qo‘yib kelayotgan talabi bajarilmaguncha, “don shartnomasi”ga qaytmasligini takrorladi. Unga Turkiya hududi orqali Afrika mamlakatlariga don yetkazib berish taklifi ko‘p ham ma’qul kelmayapti. Buning ustiga Rossiya shartnomadan chiqib ketgach, don tashish bo‘yicha muqobil yo‘nalishlar bo‘yicha muzokara o‘tkazishga yana turk tomoni xayrixoh bo‘lmadi.
Albatta, Turkiya “shartnoma” qayta ishlab ketishidan manfaatdor. Rus donini Afrikaga yetkazib berishdan turklarning un sanoati kamtarona foyda ko‘rishi mumkin.
Qolaversa, davom etayotgan iqtisodiy inqiroz fonida Erdog‘anning tinchlikparvar siyosatchi sifatidagi imiji rasmiylar uchun har qachongidan muhim. Har holda, global dunyo siyosatida Turkiya ilg‘or davlatlar qatorida bo‘lmasa-da, ular Rossiya – Ukraina ziddiyatini va dunyo oziq-ovqat muammosini hal etishdagi sa’y-harakati e’tiborga olinishidan umidvor.
Sochida energetika sohasidagi hamkorlik ham ko‘rildi. Bu yo‘nalishda ham to‘la kelishuvga erishilmadi, deydi tahlilchilar. Rus gazining esa Turkiyaga kirib borishi tobora kamaymoqda.
O‘tgan sakkiz oy Rusiyadan 10 milliard kubometr gaz eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yilning ayni shu davrida savdo hajmi 21,5 milliard kubometrni tashkil etgan. Bu bozorda suyultirilgan tabiiy gaz ommalashayotgani bilan bog‘liq. Turkiya ham Jazoir va Nigeriyadan shunday gaz sotib olmoqda.
Gaz importiga ehtiyoj “Akkuyu” atom elektr stansiyasi foydalanishga topshirilganidan keyin yanayam tushishi kutilmoqda. Majmuaning birinchi blogi, rejaga ko‘ra, keyingi yil ish boshlaydi.
Turkiya “Rosatom” Qora dengiz bo‘yidagi Sinopda ikkinchi AES qurishiga umid bog‘lamoqda. Bu haqda hali kelishuv yo‘q.
Muzokara yakuni bo‘yicha yana shuni aytish kerakki, Rossiya – Turkiya o‘rtasidagi sovuqchilikka Finlyandiyaning NATOga kirishi sabab, degan taxminlar isbotlanmadi. Bu ham Sochidagi muloqotning muhim jihatlaridan biridir.
Rossiyaning Afrikadagi roli oshib borishi bu qit’ada faolligini tobora oshirayotgan Turkiya manfaatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Hammasidan burun rus doni Afrikaga yetkazib berilishiga zimdan norozilik shundan. Donni unga aylantirib sotish esa vaziyatni biroz yumshatishi ehtimoli bor.
Muzokaraning amaldagi natijasi biror haftadan so‘ng, aniq bitimlar imzolangach ma’lum bo‘ladi…
Putin Afrikaga don jo‘natish bo‘yicha oltita davlat bilan olib borilayotgan muzokara nihoyasiga yetib qolganini ta’kidladi.
OAVga Turkiya gaz ombori qurilishi yaqin orada boshlanishi haqidagi xabarlar sizdirilmoqda. Bu loyiha amalga oshsa, Turkiya “jahon energetika markazi”ga aylanishiga shubha yo‘q.
Bugun esa Erdog‘anning “don shartnomasi”ga qaytish mujdasi eshitilmadi…
Salome Zurabishvili – ketadi-ketmaydi…
Tbilisida hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi va Prezident Salome Zurabishvili o‘rtasida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. 1 sentyabr kuni partiya yetakchisi Irakliy Kobaxidze impichment jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Fraksiya davlat rahbarining parlament bilan kelishmasdan Yevropaga chiqqanini konstitutsiya buzilishi, deb hisobladi.
Zurabishvili qator Yevropa rahbarlari bilan uchrashgan edi. U so‘nggi safarini 31 avgustda Germaniyadan boshlashni rejalab, Gruziya YeIga nomzod maqomini olishi uchun ko‘mak so‘ramoqchi edi.
Xullas, o‘nga yaqin davlat, xususan, Germaniya, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari va Ukraina safari qoldiriladi.
Gruziya o‘n yillar avval qator konstitutsion islohotlardan keyin parlament respublikasiga aylangan, prezidentning vakolati ancha qisqargan. Davlat yetakchisi, ayniqsa, tashqi siyosiy faoliyatda deputatlar va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishishi shart ekani belgilab qo‘yilgan.
Zurabishvili 2018 yil “Gruziya orzusi” bilan g‘alaba erishgan. Hatto, Saakashvili davrida Tashqi ishlar vazirligini ham boshqargan.
Salome o‘tgan asrning 20-yillarida Gruziyadan chiqib ketgan emigrantlar oilasida, Parijda dunyoga kelgan, fransuz siyosatchilari va diplomatlarini tayyorlaydigan Parijdagi “Sciences Po” instituti va Amerikadagi Kolumbiya universiteti bitiruvchisi. 1970-yillar o‘rtasida TIVda ish boshlagan. 2003 yili o‘zining tarixiy vataniga elchi etib tayinlangan.
“Rangli inqilob”dan bir yil o‘tgach, Saakashvili Fransiya Prezidenti Jak Shirak bilan kelishib, “chet ellik elchi”ni vazirlikka qo‘ydi. Afsuski, Zurabishvili parlament spikeri Nino Burjanadze bilan kelisholmay, bir yildan keyin TIVdan ketadi va muxolifatga qo‘shiladi.
Uning Saakashviliga keskin qarshi “Gruziya yo‘li” partiyasi amerikaraparastlikni namoyish etadi. Zurabishvili tortinmay ko‘cha namoyishlarida qatnasha boshlaydi. 2008 yildagi muxolifat uchun eng muvaffaqiyatsiz saylovdan keyin “siyosatdan chiqib ketadi”. O‘n yil o‘tib esa davlat boshiga keladi…
Zurabishvili dastlabki bayonotida Moskva bilan hech qanday hamkorlik qilinmaydi, dedi va 2019 yil bahorida Rossiyani Gruziyaning dushmani, deya e’lon qildi.
Moskvaning Tbilisi bilan munosabatini yaxshilash yo‘lida joriy etilgan, 2000 yildan beri amalda bo‘lgan gruzin fuqarolariga viza rejimini bekor qilish va Rossiyadan Gruziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar ochish taklifiga keskin qarshi chiqdi. Ukrainada jangovar harakat davom etar ekan, bu choralar maqbul emas, dedi u.
Prezident bunga ham qoniqmasdan, Saakashvili kiritgan va 2012 yilda bekor qilingan rossiyaliklar uchun viza tartibi joriy qilinishini talab qiladi.
Davlat rahbari Nyu-Yorkda turib, hukmron partiyaga qarshi chiqadi. “Gruziya orzusi” taklif qilgan “Chet ellik agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qaytarib olinishini qattiq talab qiladi. Bu qonun “Moskva talabi bilan ishlab chiqilgan”, deyishdan ham toymaydi.
Bir muddat avval ham hukumat prezidentga impichment hozirlagan, faqat G‘arb mamlakatlari tanqidiga uchramaslik uchun bu ishdan voz kechgan edi.
Tahlilchilar orasida qonuniy saylangan prezidentga Yevropaga borgani uchun impichment e’lon qilish qabul qilib bo‘lmaydigan hodisa, deydiganlar ham topildi.
“Gruziya orzusi” yetakchisi Kobaxidzening o‘zi ham 150 deputatdan 100 nafari impichmentni qo‘llashi kerak, bunga bizning 84 ovozimiz yetmaydi, deya muxolifatni yordamga chaqirdi.
Hukmron partiya bu vaziyatda geosiyosiy tavakkalchilikni e’tiborga olishi kerak. Muxolifat va har ikki prezident uchinchi “kuchlar” yo‘rig‘iga yuryapti…
Ikki xil geosiyosat o‘yini o‘rtasida zarar ko‘radigan Gruziya, aziyat chekadigan gruzin xalqi bo‘lishi achinarli…
Tatariston diplomatiyasi…
O‘tgan oylarda Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov Rossiya diplomatiyasida faollik ko‘rsatdi. Mamlakat sub’ekti rahbariga xos bo‘lmagan noan’anaviy amallarni bajardi.
17 aprelda Minnixonov Kishinyovga keldi va hukumatdan Gagauziyaga borish niyatiga rad javobi oldi. Moldovanlar muxtor respublika rahbari nomzodi Viktor Petrovni qo‘llash uchun borayotgani sababli ham unga izn berishmadi. Rus matbuoti Moldovaning bu demarshiga o‘ta keskin javob beradi. Petrov esa 16,24 foiz to‘plab, saylovda uchinchi o‘rinda qoldi.
Tatariston yetakchisi 19-20 avgust kunlari Budapeshtda Vengriya davlati tashkil topgan kun va yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati ochilishi marosimida qatnashdi. Bosh vazir Viktor Orban, shuningdek, Qatar Amiri, Ozarbayjon, Turkmaniston, Turkiya va Bosniya-Gersogovina rahbarlari bilan ko‘rishdi. Xalqaro sharhlovchilar Minnixonovning xalqaro “don shartnomasi” bo‘yicha muzokara olib borganiga ishora qilishdi o‘shanda.
Bundan tashqari, tatarlar yetakchisi yil boshidan beri ikki martadan Turkmaniston va Turkiyaga, bir martadan Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonga bordi. Jiddada Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi bilan uchrashdi, Abu-Dabida “AIM Global 2023” forumida ishtirok etdi…
Ekspertlar Tatariston diplomatiya faoliyati an’anaviy sanoat va ilmiy salohiyatni namoyish etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan iborat, deb sharhlashdi.
Ashxobodda Minnixonov KamAZ servis markazini ziyorat etgani, Jizzaxda Qozon Federal universiteti ochilishida qatnashgani eslandi.
Tataristonning muhim hamkorlari, asosan, turk tilli mamlakatlar. Zamonaviy xalqaro faollik Rossiya imperiyasi va sobiq sovet ittifoqidan meros – o‘shanda ham tatar rahbarlar “turk-islom dunyosi”da vositachilik qilgan, deydi tahlilchilar…
“Diplomatiya-iqtisodiyot + madaniyat” formulasi shov-shuvli Gagauziya va Vengriya safarida kuzatildi. Petrov Qozonga safar bilan borganda Minnixonovni Gaguziyaga taklif qilgan edi.
Gagauzlar turk qavmidan, ammo pravoslaviya e’tiqodida.
Tataristonning Vengriya bilan hamkorligi esa “don shartnomasi”dan ancha avval boshlangan. 2015 yildan Qozonda Vengriya vakolatxonasi ishlab turibdi. «Tatneft» vengrlarning “MOL Group” neft-gaz kompaniyasi bilan hamkor. Ikki mamlakat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash 2022 yil milliard dollarga yaqinlashgan.
Vengriyada, yaxshi ma’noda, turonchilik mafkuraviy oqimi ancha ommabop. Bu holat vengrlarning Yevrosiyodagi turk, ugor, fin va mo‘g‘ul xalqlari umumiy tarixiga ega ekaniga ishora qiladi.
Tataristonning Alekseyevsk tumanida vengrlarning ilk tarixini eslatuvchi Bolshetaginskiy maydoni bor. Tabiiyki, bu umumiy tarixiy meros aloqalar uchun jiddiy vosita.
Bir qarashda, bu yerda Tatariston tashqi siyosiy faolligi nuqtai nazaridan, biror yangilik yo‘q, barchasi qadimdan kelayotgan an’anaviy voqea-hodisalar…
BRIKS sammitidagi chiqishida Putin tashkilotning keyingi oliy darajadagi yig‘ilishi 2024 yil oktyabr oyida Qozonda tashkil etilishini e’lon qildi. BRIKS sport o‘yinlari ham yozda Tatariston poytaxtida o‘tadi.
Aslida, Qozon o‘tgan asrning 90-yillardan mashhur. Tatariston poytaxtida Butun dunyo tatarlari kongressi bo‘ladi. 2005 yil Qozon shaharning ming yilligi munosabati bilan MDH davlat rahbarlari sammitiga mezbonlik qildi. 2009 yildan boshlab, bu yerda “Rossiya – islom dunyosi xalqaro iqtisodiy forumi” o‘tkazilishi urfga aylandi.
Butun dunyo talabalar o‘yinlarini o‘tkazishga 2013 yil asos solindi, hanuz bu tadbir muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda.
Rossiya va Tatariston o‘rtasidagi yurisdiksiya sub’ektlari va vakolatlarni chegaralash to‘g‘risidagi 1994 va 2007 yillarda qabul qilingan bitimlarga ko‘ra, Konstitutsiyaga zid kelmaydigan holatda Qozonning xorijiy davlatlar bilan munosabat o‘rnatishiga izn beradi.
Rasmiy Qozonning erkinligi shu hujjatlarga asoslangan…
Bugungcha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA xalqaro sharhlovchisi