Qozog‘iston Qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev “Batыl toytarыs-2023” strategik qo‘mondonlik-shtab harbiy mashg‘ulotlariga tashrifi chog‘ida harbiy xizmatchilar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Bugungi kunda jahon mudofaa tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Urushning zamonaviy usullari, ayniqsa, gibrid turlari keng tarqalmoqda. Hujumlar nafaqat harbiy, balki axborot, psixologik, siyosiy, iqtisodiy va boshqa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Qozog‘iston Qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak”, – dedi Toqayev.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston armiyasi yuqori professional, harakatchan va eng qiyin jangovar topshiriqlarni bajarishga tayyor bo‘lishi kerak.

“Buning uchun uni yuqori texnologiyali qurollar va sifatli harbiy texnika bilan jihozlash, o‘q-dorilar bilan to‘liq ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. Yaqinda qilgan Murojaatimda men ustuvor vazifa – mahalliylashtirish ulushi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish siklini yaratishni qo‘ydim. Zirhli mashinalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, zamonaviy o‘qotar qurollar – bularning barchasini o‘zimizda ishlab chiqarishimiz kerak. Umuman olganda, harbiy-sanoat majmuasi armiyamizning jangovar salohiyati uchun ishonchli poydevor bo‘lishi kerak, – dedi Qozog‘iston rahbari.

«Batыl toytarыs-2023» harbiy mashg‘ulotlarida davlat va harbiy boshqaruv organlarining mudofaa operatsiyasini o‘tkazishga tayyorligi tekshirildi. Mashg‘ulotlarga 8000 nafar harbiy xizmatchi hamda 600 dona qurol-yarog‘ va harbiy texnika jalb etilgan.

 

O‘zA