Nukusda mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni keng ommaga yetkazishda mehnat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishda mazkur tanlov muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hakamlar hay’ati tomonidan shoir va yozuvchilar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlarining, shuningdek, musavvirlar, xalq amaliy san’ati vakillari, kino ijodkorlar hamda fotosuratchi va dizaynerlarning “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” nomli bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.
Tanlov yakunida shoir Bazarbay Atamuratov, “Yerkin Qaraqalpaqstan”– “Vesti Karakalpakstana” gazetalari bosh muharriri vazifasini bajaruvchi Qurbanbay Bayniyazov, jurnalist O‘mirbek Yermanov, rassom Vasiliy Japarov, telejurnalist Juldiz Islamova, “Jetkinshek” gazetasi xodimi Qabil Begimov, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi Adilbay Jiyemuratov o‘z yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topildi va tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA