Sayyoramizdan uch mingga yaqin kishi Sloveniyaning Bled shahrida bo‘lib o‘tadigan XVIII Xalqaro strategik forumda qatnashadi, deya xabar berdi “TASS” agentligi. Tadbir 28-29 avgust kunlari “Global xavfsizlik yo‘lida birdamlik” shiori ostida o‘tadi. Ikki kun ichida 200 dan ziyod ma’ruzachi 32 mavzu bo‘yicha munozarali chiqish qiladi.
Anjumanda Albaniya, Bolgariya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Sloveniya, Xorvatiya va Chernogoriya hamda Kosovo Bosh vazirlari, Gretsiya, Moldova va Sloveniya Prezidentlari, Yevropa Ittifoqi raisi Sharl Mishel, 13 nafar tashqi ishlar vaziri, shuningdek, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar, olimlar qatnashadi.
Tadbir doirasida kiber xavfsizlik, yangi geosiyosiy davrda YeIning o‘rni, oziq-ovqat va energetika muammosi, iqlim o‘zgarishi, erkin matbuot, turizm, inson huquqi, raqamli transformatsiya masalalari hamda Ukraina va G‘arbiy Bolqondagi vaziyat muhokama qilinadi.