Xabar berganimizdek, Angliyaning Birmingem shahrida zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz sportchilar o‘rtasida IBSA jahon o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Dunyoning 50 ga yaqin davlatlari qatori O‘zbekiston Paralimpiya delegatsiyasi ishtirok etgan musobaqalarda matonatli sportchilarimiz 9 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 11-o‘rinni egalladi.

Murosasiz bahslarda para dzyudochilarimiz yakkalik bellashuvlarda 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 5 ta medalni, jamoaviy bellashuvlarda esa ayollarimiz bronza, erkaklarimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sportchilarimizdan Kamron Nurillayev oltin, Feruz Sayidov va Kumush Xo‘jayeva kumush, Aloviddin Jo‘raqulov hamda Munisa Madrimova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Para shaxmat bahslarida iste’dodli para shaxmatchimiz Ahadxon Kimsanboyev kumush medalga ega chiqqan bo‘lsa, jamoaviy bellashuvlarda Ilhom G‘ulomov bilan bronza medaliga ega chiqdi.

Bugun vatanimiz sport sharafini ulug‘lagan irodali para atletlarimiz Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, daxldor sport tashkilotlari va keng sport jamoatchiligi vakillari, sportchilarning oila a’zolari, muxlislar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA