Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha yangi tayinlangan maxsus vakili Kaxa Imnadze Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashdi.

Shu kunlarda Imnadzening mintaqa bo‘ylab safari davom etyapti.

Qirg‘iziston tashqi siyosati dorasi xabariga ko‘ra, Kulubayev yangi tayinlangan vakilni ushbu yuqori lavozimga kirishgani bilan tabriklab, mintaqaviy markazning tashabbuslari va samarali faoliyati Markaziy Osiyo davlatlarida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadiga xizmat qiladi, deya ishonch bildirdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar mintaqaviy markaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi, jumladan, terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurash, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilishdi.

Vazir BMT Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbariyatini mavjud vakolatlari doirasida tegishli ravishda yanada faol ish olib borish, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlarga qarshi turishda Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘maklashishga chaqirdi.

Qayd qilinishicha, Kaxa Imnadze Markaz va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p yillik sheriklikni, mamlakat tomonidan tuzilmaning barcha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganini, Markaziy Osiyo davlatlari orasida muloqot maydonlarini shakllantirishida Qirg‘iziston faol ishtirok etayotganini ijobiy baholadi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA