Qozog‘iston poytaxtidagi Davlat operava balet teatrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Respublikasida Tojikiston Respublikasi madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimida ikki davlat Prezidentlari Emomali Rahmon va Qosim-Jomart Toqayev ishtirok etdi.

Madaniy dastur oldidan yetakchilar binoga kiraverishda namoyish qilingan milliy liboslar, rassomlarning badiiy asarlari, fotosuratlar va boshqa buyumlardan iborat Tojikiston xalq hunarmandligi mahsulotlari ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Davlat rahbarlari namoyishga qo‘yilgan eksponatlarni yuqori baholab, mualliflar mehnatini yuksak e’tirof etdi.

Qozog‘istonning Ostona, Olmaota, Chimkent kabi yirik shaharlarida o‘tadigan Tojikiston madaniyati kunlari ilk bor mana shunday keng ko‘lamda tashkil etildi.

Ta’kidlash o‘rinli, keyingi yillarda Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lidagi o‘zaro hurmat va ishonch, bir-birini tushunish ruhida jadal rivojlanmoqda.

Marosim chog‘ida mazkur yirik anjuman ikki xalq ma’naviyatini yanada yuksaltirish va boyitish, an’anaviy o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga ko‘maklashishiga ishonch bildirildi.

Prezidentlar Emomali Rahmon va Qosim-Jomart Toqayev navbatdagi uchrashuv doirasida Tojikiston qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasini ham tomosha qildi.

An’anaviy tojik liboslari, gilamlari, bezakli keramika mahsulotlari, musiqa asboblari, meva-sabzavot, quruq mevalar, qandolat mollari barchaning diqqatini tortdi.

Qosim-Jomart Toqayevning aytishicha, ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham bunday tadbirlar Qozog‘iston uchun amaliy ahamiyat kasb etadi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA