Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilda kirish imtihonlarida ishtirok etgan (jami 888 ming 511 nafar) abituriyentning 303 ming 560 nafari (31,5 foiz) umumta’lim maktablarining bu yilgi bitiruvchilaridir.

Qayd etilishicha, ushbu bitiruvchilarning 95 ming 497 nafari (25 foizi) joriy test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, OTM talabasi bo‘ldi.

Joriy yilda davlat granti uchun 34 ming 930 kvota ajratilgan bo‘lsa, uning 77 foizini aynan bu yil maktabni bitirganlar egallagan.

Abituriyentlarning o‘rtacha bali 66,7 ni tashkil etgan bo‘lsa, aynan joriy yil bitirganlarining o‘rtacha bali 77,1 ballni (+10,4) tashkil etmoqda. Maksimal balning 75 foizidan yuqorisini to‘plab, ijobiy natija ko‘rsatgan abituriyentlarning 68 foizi ham ular hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shu bilan birga, 888 ming 511 nafar abituriyentdan 46,7 foizi 56.7 ballni ham to‘play olmagan bo‘lsa, ular orasida bu yilgi maktab bitiruvchilari 11,7 foizni tashkil etgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA