Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 56 davlatga fitosanitariya sertifikati asosida eksaport qilish mumkin.
Jumladan, eng katta xaridorgir mamlakat hisoblangan Xitoyga 19, Koreyaga 43, Yaponiyaga 58, AQSHga 15, Hindistonga 38, Pokistonga 27, Eronga 22 turdagi mahsulot eksport qilish mumkin.
Bu ma’lumotni AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lum qildi.
Eksport, import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida talab etiladigan 6 turdagi qog‘oz shaklidagi hujjat o‘rniga bitta elektron ariza qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Agentlik va tadbirkor o‘rtasida tuziladigan shartnomalar yuz foiz onlayn – oferta shakliga o‘tkazildi.
Ruxsatnomalarni ko‘rib chiqish muddatlari eksportda 10 kundan 1 kungacha, importda 30 kundan 3 kungacha qisqartirildi.
Meva-sabzavot klasterlari va ularga biriktirilgan fermer xo‘jaliklarining 200 ming gektarga yaqin maydonida yetishtirilayotgan mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadida Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarning xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi. Natijada o‘simliklarni himoya qilishda hamkorlikda agrotexnik tadbirlar olib borilishiga erishildi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA