Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy – amaliy tibbiyot markaziga Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi tibbiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Fukuya Ryuta tashrif buyurdi.

Markaz direktori, professor Botir Tojiyev va Yaponiya elchixonasi tibbiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi, doktor Fukuya Ryuta bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya mamlakatlarida tibbiyot yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar va hamkorlik masalalari yuzasidan suhbatlashildi.

Uchrashuv davomida kelgusida yuqumli va parazitar kasalliklarni zamonaviy tashxislash, oldini olish va davolash bo‘yicha ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida uzoq muddatli ilmiy -amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish masalalari kelishib olindi.

Tashrif davomida doktor Fukuya Ryuta markaz mutaxassislarining yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamidan mamnunligini bildirdi. Markazda olib borilgan tibbiy muolajalar jahon standartlari asosida olib borilayotgani va yuqori tajribali shifokorlarning bemorlarga bo‘lgan e’tiborini e’tirof etdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA