Mamlakatimizning qaysi hududiga bormaylik, albatta, u yerda katta qurilish ishlariga ko‘zimiz tushadi. Qad rostlagan bir-biridan ko‘rkam va zamonaviy  binolar, inshootlarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.

Shu sababli, bugun biz  keyingi yillarda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va uning natijalari haqida fikr yuritishni afzal ko‘rdik.

Aynan shu mavzuda tajribali arxitektor Shoqobil Shorahmedovning soha vakili sifatidagi kuzatuvlari, fikrlarini bilishga qiziqdik.

– Shoqobil Qodirovich, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari sizni qurilish  sohasidagi keskin tanqidiy fikrlaringiz orqali yaxshi eslashadi. O‘shanda so‘zingizni latifa bilan boshlagandingiz… 

–Xalqimiz hajviya, askiyalarni yaxshi ko‘radi. Shu sababli, o‘sha tadbirda odamlarning e’tiborini tortish maqsadida aytgan edim. Latifada pianinoni noto‘g‘ri joyga qo‘yish haqida so‘z boradi. Qurilishda, ayniqsa, shaharni rejalashtirishda bu kabi ish tutmaslik kerak, demoqchi bo‘lganman.

– Qonunchilikka ko‘ra shaharsozlik ishlari bosh rejaga asoslanishi talab etiladi.  Bugungi qurilishlar aynan shu talablarga javob bera oladimi? 

– Ochig‘ini aytganda, qurilishda bosh reja muhim hisoblanadi. Chunki hamma ish rejali bo‘lishi zarur. Maslahatli to‘y tarqamas, deydi xalqimiz. To‘g‘ri,  mamlakatimizda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Qurilish sohasiga oid bir qator hukumat qarorlari qabul qilindi. Ishlab chiqarishga va tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Lekin shaharsozlik rejasi har xil avtomobillar harakatlanuvchi katta, gavjum ko‘chaga o‘xshaydi. Agar ular bitta qonunga rioya qilmasa,  yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.  Shaharsozlik rejasi ham xuddi shunday.

Albatta, yaxshi jihatlarni ta’kidlash lozim. Masalan, Toshkentning eski, ko‘rimsiz uylari o‘rnida Toshkent Siti barpo etildi. Shaharning sharqiy tarafida yaxshi massivlar barpo etilayapti. Lekin  qurilishda ayrim kamchiliklar ham bor. Aynan shu kamchiliklar bizga halaqit beradi. Masalan, rejalashtirilayotganda hamma narsa e’tiborga olinishi kerak.  Masalan, muhandislik tarmoqlari –  elektr, gaz, suv tizimi chuqur o‘ylab amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki o‘tgan qish bunga tayyor emasligimizni yana bir bor ko‘rsatdi.

Shahar qurilishi turli tadbirkorlar tomonidan olib borilmoqda. Lekin biz shaharsozlik talablarga rioya qilishimiz shart va zarur.  Masalan. Chilonzor tumanidagi Hamza mahallasining  ko‘cha yuzida ofis qurib qo‘yilgan, yoki suvning bo‘yida mashina yuvish shoxobchasi bor. Bular shaharsozlik talablariga mos kelmaydi. Men ular faoliyatiga qarshi emasman. Biroq har bir ish rejali bo‘lsa, har qanday noqulayliklarning oldi olingan bo‘lar edi.

To‘g‘ri, qurilish bosh reja asosida amal oshirilmoqda, lekin ayrim joylarda bu talablarga e’tibor berilmayotganini ham ko‘rish mumkin. Bu holatlar hozir emas, aksincha,   mustaqillik davridan boshlangan, ehtimol bu tajriba yo‘qligi bilan ham bog‘liqdir.  Lekin noqonuniy qurilishlarga  chek qo‘yish zarur. Har bir qurilish reja asosida qilinsagina uylarni, ko‘chalarni to‘g‘ri barpo etgan bo‘lamiz. Men istardimki, O‘zbekistonning barcha hududlarida ham shaharsozlik sohasida Toshkentga berilgan urg‘uni berish kerak.

– O‘zbekiston o‘zining tarixiy obidalari bilan ma’lum-u mashhur. Suhbatimiz  bevosita qurilish bilan bog‘liq bo‘lgani uchun  tarixiy bino va inshootlarni saqlab qolishda nimalarga e’tibor berish kerak?

– Misol tariqasida Toshkent shahrini olsak. Bu shahar  sobiq tuzum davrida o‘ziga yarasha ko‘rinishga ega edi.  Afsuski, ular buzilib ketdi.  Masalan, Chorsudagi  hammom binosi, Geologiya muzeyi, Kinochilar uyi, Muz saroyi, Shimoliy vokzaldagi avtomobil ko‘prigi buzilib ketdi.  Axir, ular bizning tariximiz edi.  Lekin Prezidentimiz tashabbusi bilan Muz saroyi,  Shimoliy vokzaldagi ko‘prik qayta tiklandi.

Albatta, tarixiy binolarga e’tibor berish kerak. Men yashaydigan Ko‘kcha mahallasi 1950 yillarda qurilgan. O‘sha davr hukumat qarori bilan  rangli metallurgiyani rivojlantirsh uchun mo‘ljallangan kichkina shaharcha bo‘lgan. Bu hammaga andoza bo‘lish kerak edi. Afsuski, undan ham judo bo‘ldik. Axir, bu bizning tarixku?!

Toshkentdagi ikki qavatli uylar buzildi. Lekin  Prezident qarorida ko‘rimsiz, avariya holatiga kelgan binolar nazarda tutilgan edi. Hukumat va Prezident qarorlarini to‘g‘ri talqin qilishimiz va shunga asosan buzish ishlarini ehtiyotkorlik bilan tashkil etish lozim.

Yevropa mamlakatlarida yangi binolar qurish barobarida  eski binolarni ham saqlab qolishga alohida  e’tibor qaratiladi. Ana shunday e’tibor bilan O‘zbekistonimiz tarixini saqlab qolishimiz kerak. Agar saqlab qolmasak, ertaga farzandlarimizga nimani ko‘rsatamiz?

– Keyingi paytda yurtimiz katta qurilish maydoniga aylandi.  Boisi, ko‘plab inshootlar, ko‘pqavatli uylar qurilmoqda.  Tajribali arxitektor sifatida bunday qurilish jarayoniga qanday baho berasiz?

– Bugungi kunda qurilish hajmi oshib bormoqda va bu jarayonda sifat o‘ta muhim hisoblanadi. Tadbirkorlar yaxshi ishlar qilmoqda, lekin ularning aksariyati  hayotida birinchi marta kurilishga qo‘l urmoqda. Bunda katta mas’uliyat borligini unutmaslik talab etiladi.

– Kadrlar va mutaxassislar salohiyati haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– O‘z faoliyati sabab ko‘p talabalarni ko‘rdim. Sohaga kelayotgan talabalarda intilish bor, lekin bilim darajasi pastroq. Ular nafaqat o‘z sohasida, hatto maktab dasturi bo‘yicha berilgan  savollarga ham javob bera olmaydi.  Albatta, bu yaxshi emas, chunki  kadrlar hamma narsani hal qiladi.  Bizga sifatli, bilimli va  professional kadrlar kerak.

Mamlakatimiz qurilish institutlari shu jihatlarga alohida e’tibor berishi va O‘zbekistonimiz uchun mustahkam poydevor yarata oladigan bilimli kadrlarni yetishtirishi zarur.

– Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari sifati talab va taklifga mosmi?

– O‘rinli savol bo‘ldi. Quvonarlisi shuki, mamlakatimizda ko‘plab qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan davrlarda g‘isht  taqchil bo‘lardi. Bugun esa bunga barham berildi. Yurtimizda kaolin xomashyosi ko‘p. Shu asosda ishlab chiqarilayotgan keramik plitkalar sifati va arzonligi bilan ajralib turadi.

Yaqinda Namanganda bo‘ldim. U yerda ko‘plab sement ishlab chiqarish zavodlari ishga tushirilganini ko‘rib quvondim. Biroq qurilish mahsulotlari sifati bo‘yicha nazoratni kuchaytirishimiz kerak.

Qurilishning asosiy uch ustuni bor –  professional kadrlar,  sifatli materiallar va  yangi texnologiyalardir. Shu uch ustun asosida  sifatli qurilishga erishiladi.

– Zilzilabardosh binolarni qurishda nimalarga e’tibor berish kerak va qanday tavsiyalar berasiz?

– Turkiyada bo‘lgan kuchli zilziladan xulosa qilgan holda,  mamlakatimizda qurilgan binolarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Masalan, avtomobillar har yili texnik nazoratdan o‘tkaziladi.  Shu kabi binolarni ham, ularning eski yoki yangiligidan qat’iy nazar,  har besh yoki o‘n yilda texnik nazoratdan o‘tkazilsa, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishda yaxshi imkoniyatlarni ochib beradi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi