Istiqlol yo‘lida kurashgani uchun qatag‘on qilingan ajdodlarimiz nomini oqlash borasida Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingan.
Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida esa Respublika ishchi guruhi tashkil etilib, qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan edi.
Shu asosda izlanishlar ko‘lami kengaytirilib, mas’ullarga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish belgilangan.
Oliy sudda ham muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruhning sa’y-harakati tufayli o‘tgan davr mobaynida qatag‘on qilingan 616 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.
Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yig‘ilish qarorlariga ko‘ra, 1929 — 1931 yillarda hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida qurolli to‘da tuzib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlardagi harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid 5 jinoyat ishi kelib tushgan va ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan mazkur jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.
Oliy sudda o‘tgan ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 jinoyat ishi bo‘yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.
N.Abduraimova, O‘zA