2016 yilda Saudiya Arabiston valiahd shahzodasi, Vazirlar mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud tashabbusi bilan Podshohlikning “Nigoh -2030” (“Vision 2030”) strategiyasi amalga oshirishga kirishildi.

Mazkur strategiya neft xom-ashyosiga qaramlikni maksimal darajada kamaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu aniq va mustahkam poydevorga qurilgan tizimli reja bo‘lib, uning kontekstida Podshohlikning kuchli tomonlaridan – noyob strategik mavqei va ulkan sarmoyaviy qudratidan foydalanish uchun barcha sohalarda bir qator mega loyihalar va investitsiyalarni amalga oshirish kabi jiddiy niyatlar mavjud.

“Mamlakatimiz katta sarmoyaviy salohiyatga ega. Biz uni iqtisodiy vosita va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun qo‘shimcha manbaga aylantirish ustida ishlamoqdamiz”, deydi valiahd shahzoda Muhammad bin  Salmon Ol Saud. Uning qo‘shimcha qilishicha, Podshohlik o‘zining mavjud  salohiyati — ajoyib strategik mavqei, innovatsion investitsiya imkoniyatlari va Arab-Islom olamidagi o‘rnidan foydalanish uchun doimiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

“Nigoh – 2030” strategiyasini amalga oshirishga kirishilganiga yetti yil vaqt o‘tdi. Tahlilchilarning fikricha, shu vaqt ichida ko‘plab maqsadlarga erishildi. Iqtisodiyot va jamiyat faoliyati darajasida aniq natijalarga erishishga yordam beradigan transformatsion imkoniyatlar majmuasi shakllantirildi va kelajakda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Milliy investitsiya strategiyasining e’lon qilinishi munosabati bilan Shahzoda Muhammad bin Calmon o‘z nutqida shunday degan edi: “Bugun Podshohlik yangi investitsiya bosqichini boshladi, bu mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari soni va sifatini sezilarli darajada oshiradi.

Shunday qilib, biz mamlakat iqtisodiyot tarmoqlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratamiz. Hech shubha yo‘qki, investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish va uning barqarorligi, texnologiyalarni uzatish va mahalliylashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, turmush darajasi, ish o‘rinlarini yaratish, kasbiy rivojlanish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash “Nigoh 2030” maqsadlariga erishishning asosiy omillaridan biridir”.

“Nigoh 2030”  doirasida investitsiya iqtisodiy va barqaror rivojlanish tizimidagi eng muhim va asosiy elementlardan biri ekanligini ta’kidlanadi. Shu maqsadda  2030 yilgacha mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun  12  trillion Saudiya rialini (tahminan 3,2 mlrd AQSH dollari) ajratish rejalashtirilgan.

Saudiya Arabistoni Podshohligi aholi sonining ko‘payishi natijasida yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni dunyo mamlakatlari bilan baham ko‘radi va iqlim o‘zgarishi sabablarini bartaraf etish, ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro dasturlar doirasida xalqaro standartlar va bitimlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun har tomonlama harakat qiladi. Inson imkoniyatlarini kengaytirish, yer sayyorasini saqlab qolish orqali kuchli, inklyuziv, muvozanatli va barqaror iqtisodiyotni ta’minlaydigan sharoitlarni yaratish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va XXI asr imkoniyatlarini hamma uchun amalga oshirish uchun yangi ufqlar yaratishni maqsad qilgan.

Podshohlik tomonidan qabul qilingan eng muhim mega loyihalar va tashabbuslar orasida iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida “Yashil Saudiya Arabistoni”  va “Yashil Yaqin Sharq”  tashabbuslarini alohida ko‘rsatib o‘tish kerak.

Shahzoda loyihalarni ishlab chiqish uchun Podshohlik tomonidan  2,5 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratilishini e’lon qildi.

Saudiya Arabistoni Podshohligida yaqin o‘n yillikda 10 milliard daraxt ekiladi, bu 40 million gektar yerni tiklash demakdir. Bu daraxtlar bilan qoplangan hozirgi maydonni 12 barobar oshiradi. Podshohlik, shuningdek, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ulushini o‘z maydonining 30 foizidan ko‘prog‘iga oshirish bo‘yicha ish olib boradi(bu hozirda 600 ming kvadrat kilometrga baholanmoqda).

“Yashil Saudiya Arabistoni” tashabbusi Podshohlikning 50% elektr energiyasini ishlab chiqarishni ta’minlaydigan qayta tiklanadigan energiya loyihalari orqali uglerod chiqindilarini global hissaning 4% dan ko‘prog‘iga kamaytirish uchun ishlaydi.

Bundan tashqari, mintaqada neft qazib olishda qo‘llaniladigan texnologiyalar samarasiz ekani ta’kidlanadi. Podshohlik mintaqa mamlakatlari bilan bilim va tajribani o‘tkazish uchun ishlaydi, bu esa mintaqada neft qazib olishdan uglerod chiqindilarini 60% dan ko‘proq kamaytirishga yordam beradi.

Milliy investitsiya strategiyasi milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek “Nigoh 2030” strategiyasining ko‘plab maqsadlarini amalga oshiradi. Jumladan, mamlakat YAIMda xususiy sektor ulushi 65 foizga, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar YAIMning 5,7 foizigacha, neft bo‘lmagan mahsulotlar eksporti YAIMning 16 foizidan 50 foizgacha ko‘payishi, ishsizlar soni 7 foizga kamayishi ko‘zda tutilgan.  2030 yilga borib Saudiya Arabistoni  Global Raqobat indeksi bo‘yicha o‘ntalikka kirishni mo‘ljallamoqda.

Saudiya Arabistoni iqtisodiy va rivojlanish Kengashi (CEDA) 2030 yilgacha amalga oshirish uchun muhim qadamlarni aniqlash va kuzatishni boshladi. CEDA energetika, moliya, uy-joy, hayot sifati va transport kabi turli sohalarni qamrab oluvchi “Vision Program” dasturlari deb nomlangan 13 ta dasturni yaratdi.

Mamlakat shimoliy g‘arbida qiymati 500 milliard dollarga teng Neom “aqlli shahri”ni barpo etish ko‘zda tutilgan. Neom yunoncha neos(yangi), va arabcha mustaqbal (kelajak) so‘zlaridan tashkil  topgan bo‘lib “Yangi istiqbol” degan ma’noni anglatadi.

Yangi shahar o‘zining soliq va mehnat qonunlari hamda avtonom sud tizimiga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Neom global biznes markaziga aylanadi. Bu yer insoniyat taraqqiyotini jadallashtirish uchun ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, joriy etish va tijoratlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladigan innovatsiyalar markaziga aylanadi.

Ulkan, uzluksiz shahar kamari g‘arbda Qizil dengiz sohilini, sharqda tog‘lar va vodiylarni bog‘laydi. Shaharda tabiat, yashash, sog‘liq va jamoatchilik bilan aloqalarga e’tibor qaratiladi. Shaharning bosh rejasida qurilishlar “tabiat ustida emas, balki tabiat atrofida” olib borilishi ko‘zda tutilgan. Shahar kelajakdagi o‘zgarishlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.

 Sharofiddin To‘laganov