Huquqiy munosabat

Ma’lumki, qonunchilikda xodimning oylik ish haqidan tashqari qo‘shimcha moddiy yordam, va moddiy rag‘batlantirish kabi imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.

–O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq quyidagi nafaqalar berilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, bular homiladorlik va tug‘ish, bola tug‘ilgani, qo‘shimcha dam olish kuni hamda dafn etish marosimlari uchun nafaqa berilishi mumkin.

Shuningdek, 2007-yil 1 yanvardan boshlab vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlarga nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, xususan, byudjet tashkilotlari tomonidan mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari doirasida, xo‘jalik yurituvchi subektlar tomonidan foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ushbu nizomda nafaqa, mehnat qobiliyati tiklangan, nogironlik belgilangan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan, vafot etgan yoki bola tug‘ilgan kundan boshlab, 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda to‘lanishi, bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi, uni olish uchun murojaat qilingan kungacha bo‘lgan 12 oydan oshmagan davr uchun berilishi belgilangan.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, xususan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili kunlari xodimning ishdan noqonuniy bo‘shatilgani to‘g‘risida nizo ko‘rilayotgan davrga to‘g‘ri kelgan hollarda, u ishga tiklangan taqdirdagina barcha mehnatga qobiliyatsiz kunlar uchun nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi.

Nafaqa oyiga bir marta — oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga to‘lanadi.

Shuningdek, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi nizomga muvofiq quyidagi hollarda beriladi. Masalan, vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq kasallikda, sanatoriy-kurortlarda davolanganda, kasallangan oila a’zosini parvarishlash zarur bo‘lganda, karantinda, sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilganda, mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama a’zo (protez) qo‘ydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.

–Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlash uchun qanday hujjat asos bo‘ladi?  

–Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlash uchun faqat belgilangan tartibda berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (kasallik varaqasi) asos bo‘ladi.  

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolgan hollarda, nafaqa, uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.

–Sil kasalligi oqibatida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha nafaqa qancha muddat davomida olish mumkin?  

-Sil kasalligi oqibatida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha nafaqa shaxs to‘la sog‘aygunga qadar, lekin ko‘pi bilan 10 oyga beriladi.  

Xodim sil kasalligi bilan qayta kasallanganda yoki sil kasalligi oqibatida nogiron deb topilganda nafaqa ko‘pi bilan 6 oyga beriladi.

Gulnoza Boboyeva,O‘zA