O‘zbekistonga kelgan sayyoh borki Samarqandda bo‘lsam, Registonni ko‘rsam deydi. Yil o‘n ikki oy bu yerdan sayyohlar qadami uzilmaydi. Yoz va qish paytlarida havo haroratining turizm uchun biroz noqulayligi sababli sayyohlar oqimi kamayishi mumkin.
Yilning boshqa fasllarida esa Registon kunduzi va tunda ham doim gavjum bo‘ladi.
– Registon nafaqat Samarqandning, balki yurtimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan betakror me’moriy obida, – deydi Samarqand shahridagi Registon majmuasi direktori Xonqul Samarov. – Har yili millionlab kishilar uning go‘zalligidan bahramand bo‘lish, mahobatini ko‘rish va devorlari qatidagi tarix tilsimlarini bilish uchun bu yerga kelishadi. Aslida bu turizm uchun juda katta imkoniyat, iqtisodiy resurs. Undan samarali foydalanish esa o‘zimizga bog‘liq.
Avvallari majmua faqatgina kunduz kunlari ochiq bo‘lib, tunda sayyohlar qabul qilinmasdi. Keyingi yillarda turizmni yurtimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylantirish bo‘yicha boshlangan sa’y-harakatlar tufayli ko‘p tartiblar o‘zgardi, tizimga yangiliklar joriy qilindi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 30 sentyabr kuni “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yilning mart-noyabr oylarida Registon majmuasida ish soat 7:00 dan 24:00 gacha etib belgilandi. Ya’ni, u mahalliy sayyoh bo‘ladimi yoki xorijlikmi 24 soat mobaynida bu obidaga kelib, uni tomosha qilishi, zavqlanishi mumkin.
Shuningdek, turistik tashkilotlarning buyurtmasiga asosan tungi paytda sayyohlar uchun 3D lazer shou dasturi, musiqiy shou dasturi ko‘rsatilib kelinmoqda. “Chorsu” savdo-gumbazi binosi Registon ansambli direksiyasi balansiga o‘tkazilgach, bu yerda ham doimiy ko‘rgazmalar zali tashkil etildi. Sayyohlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Samarqand viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda folklor konsert dasturlari namoyish etilmoqda. Majmuaga keladigan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha kirish joylarida imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus yo‘laklar (pandus) va zamonaviy sanuzellar tashkil etildi. Har bir sayyoh hamda mahalliy ziyoratchilarga e’tibor qaratish maqsadida alohida xona ajratilib, audio-gid tizimi ishga tushirildi. Bunda to‘qqiz tilda (o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, yapon, xitoy, nemis, ispan, italyan tillari) xizmat ko‘rsatilmoqda.
Mahalliy va xorijiy sayyohlarning qiziqishi yuqoriligi inobatga olinib, Mirzo Ulug‘bek madrasasi hovlisida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti tomonidan marmar ustunga o‘rnatilgan quyosh soati joylashtirildi. Tarixiy obidalarda muzeylashtirish bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek madrasasida “Samarqandda ta’lim tarixi” ekspozitsiyasi, Sherdor madrasasida “XIX asr talabasi hujrasi” ekspozitsiyasi va “O‘tmishning noyob fotosuratlari” nomli foto-ekspozitsiyalar, Tillakori madrasasida hunarmandlar yaratgan mahsulotlar ekspozitsiyasi yaratildi. Bugungi kunda Registon majmuasi kirish joylarida elektron turniketlar o‘rnatilgan bo‘lib, turniketlar uchun elektron chiptalar joriy qilish hamda elektron chiptalarni “click” ilovasida va www.registon.uz saytlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish mexanizmi joriy etildi. Bu kabi ishlar Samarqandga kelayotgan sayyohlarning ko‘nglini olish va tashrifini ko‘paytirishga qaratilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA