O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”da qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarga tutash chegaralari belgilangan yer uchastkalari ko‘p kvartirali uylardagi uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan respublikadagi qolgan ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari chegaralarini belgilab, “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi.

2024 yil 1 yanvardan boshlabko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlash notariuslar tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axborot tizimi orqali tegishli mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.

Umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilarni (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni to‘plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig‘ishga ruxsat etiladi. Chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha to‘lov qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun belgilangan majburiy to‘lovlarga qo‘shilgan holda yagona to‘lov sifatida undiriladi.

Agrotexnik ishlov berish, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni yig‘ish va kelishilgan maxsus joylarga yetkazish to‘liq ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlar tomonidan reja-grafik asosida amalga oshiriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik ta’minotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi,shuningdek, ta’mirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish vakolati beriladi.

                                                                                                        O‘zA