O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda ekspert sifatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Ovozli chatning navbatdagi qismida kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga  Sherzod Shodmonqulov hamda Sardorbek Otamurotovlar javob berishdi.

— Yangi qabul qilinayotgan qaror hamda farmonlarning aksariyati iste’molchilar huquqlarini himoya qiladi. Bu esa biznes sub’ektlari yoki tadbirkorlarning faoliyatini ma’lum darajada cheklab qo‘yadi. Haddan tashqari nazorat o‘rnatilishi ya’ni to‘liq ularni boshqarib turilishi ishlab chiqaruvchilar tomonidan e’tiroz bildirilmaydimi?

—Davlat iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida albatta ma’lum me’yorlar, qoidalarni belgilaydi. Bu me’yor hamda qoidalar tadbirkorlarni bozordan chiqib ketishiga olib kelmasligi kerak. Ya’ni  tadbirkorlarning barchasi teng sharoitda faoliyat yuritib, raqobatlashib, iste’molchilarga kerak bo‘lgan tovarlarni yetkazib berishlari zarur.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunimiz ham tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish nuqtai nazaridan ishlab chiqilgan.  Avvaldan  mavjud  ya’ni tadbirkorlar uchun og‘ir bo‘lgan qonun-qoidalar yengillashtirilgan. Misol uchun bozorda ustun mavqe deb e’tirof etilish oldin 35 foiz ulushga ega bo‘lganidan so‘ng belgilangan bo‘lsa, hozir 40 foiz ulushga ega bo‘lganidan keyin biz tadbirkor faoliyatini ustun mavqe deb topamiz.

Bundan tashqari tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qonunga bir qator yengilliklar kiritildi.  Ustun mavqega ega bo‘lish yoki e’tirof etilishidan oldin bizlarda 10 ming baravargacha ya’ni 9 milliard 900 ming so‘mgacha mablag‘i bor  tadbirkorlar tabiiy monopoliya  yoki iste’molchi sub’ekti sifatida e’tirof etilmaydi. Uning faoliyati   monopoliyaga qarshi tartibga solinmaydi. Agar uning faoliyati yanayam yiriklashadigan bo‘lsa undan keyin tartibga solish jarayoni boshlanadi. Bu ishlar davlat aralashuvini yanada qisqartirish maqsadida  amalga oshiriladi.

— Yangi tahrirdagi Raqobat to‘g‘risidagi qonunda “davlat ishtirokidagi korxonalarning affillangan shaxslari” degan  tushunchalar kiritilgan. Affillangan shaxslar iborasiga kengroq to‘xtalib o‘tsangiz?

—  Korxonalar tomonidan tashkil qilingan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar- davlat ishtirokidagi korxonalarning affillangan shaxslari hisoblanadi. Ya’ni davlat ishtirokidagi korxonalarning 25 foizdan ortiq ulushi bo‘lsa davlat organlarida davlat ishtirokidagi korxona sifatida e’tirof etiladi.

Agarda davlat ishtirokidagi korxonaning boshqa  tuzgan korxonasida 20 foiz yoki undan ko‘p ulushi bo‘lsa unda bu davlat ishtirokidagi korxonaning affillangan shaxsi sifatida e’tirof etiladi. Davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga muayyan bir cheklovlar belgilangan. Ya’ni bitta bozorda 5 va undan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bo‘lsa davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil qilish mumkin emas.

N.Rahmonova, A. Sodiqov(video) O‘zA