Sentyabrdan o‘qishlar boshlanib, yo‘lovchilar ko‘payadi. Tabiiyki bu jarayonda tirbandliklar yuzaga keladi. Bu borada qilinayotgan ishlar haqida “Toshshahartransxizmat” AJ O‘zAga ma’lumot berdi.

4 sentyabr sanasidan Respublikamizda navbatdagi o‘quv yili mavsumi boshlanishi munosabati bilan, Toshkent shahridagi yo‘lovchilar tashish uzluksizligini ta’minlash va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida, bugungi kunda ishga chiqarilayotgan 1464 ta avtobuslar sonini 1550 tagacha va bajariladigan qatnovlar sonini 21,7 mingtadan 22,8 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, sentyabr oyi davomida qo‘shimcha yana 9 ta yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi 8 ta avtobus saroylari tomonidan 158 ta avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilmoqda. Reja bo‘yicha kunlik ishga chiqariladigan avtobuslar soni 1464 ta, bajariladigan qatnovlar soni 21,7 mingta belgilangan.

Shuningdek, tashkilot 26 avgustdan Toshkent metropolitenining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopilishi sababli qo‘shimcha avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi muhokama jarayonida ekanligi va bu to‘g‘risida tez orada ma’lumot berilishini qo‘shimcha qildi.

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov (video), O‘zA.