Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi ko‘mir konida yuz bergan yong‘in ortidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Kazinform” yozdi.
Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shaxtinsk IIB tomonidan ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan tergovga qadar surishtiruv olib borilgan.
“Qozog‘iston” konida 17 avgust kuni soat 10.05 da D6 ko‘mir qiyaligida ishlayotgan konveyer yonib ketdi. Shundan so‘ng darhol favqulodda vaziyatni bartaraf etish rejasi ishlab chiqildi. Voqea sodir bo‘lgan payt 227 kishi yer ostida edi. Ishchilar evakuatsiya qilingan.
Rasmiylar yong‘in oqibatida halok bo‘lgan ikki konchining jasadi topilganini ma’lum qildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha baxtsiz hodisa qurbonlari soni 8 kishiga yetgan.