Yaqin-yaqingacha qishloq ayoli haqida gap ketganda avvalo qo‘llari mehnatda qadoq bo‘lgan, quyoshda yuzlari qoraygan, erta-yu kech dala ishlari bilan band mehnatkash va soddadil ayollar ko‘z o‘ngimizda gavdalanar edi. Lekin, avvalgi qishloq ayoli bilan bugungi qishloq ayoli o‘rtasida katta farq bor. Keng dunyoqarash, yuksak bilim va salohiyatga ega zamonaviy qishloq ayollari bugun jamiyatning faol qatlamiga aylanib, o‘zining shaxsiy pozitsiyasini ko‘rsatmoqda. Ular shaharnikidan aslo kam bo‘lmagan munosib sharoitlarda yashab, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘z fikri bilan ishtirok etmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik Muqaddas Allaberganova ham zamon bilan hamnafas qishloq ayollaridan. U Amudaryo tumani Qilichboy ovulida istiqomat qiladi. Qahramonimiz ovuldagi 83-umumta’lim maktabida o‘zbek tili va adabiyoti hamda qoraqalpoq tili fanlaridan dars beradi. Ayni kunlarda ta’til vaqti bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilari bilan mushoira kechalarini o‘tkazib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etmoqda.

Bundan tashqari Muqaddas opa uy yumushlaridan bo‘sh vaqtida to‘qish va bichish ishlari bilan ham mashg‘ul. Uni mohir to‘quvchi, deb bemalol aytsa bo‘ladi. Hunari ortidan yaxshigina daromad ham topmoqda. Shuningdek, opa yoshlarga o‘z hunari sir-asrorlarini o‘rgatib, “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirmoqda.

Biz ta’rif berayotgan oddiy qishloq ayoli, shuningdek, kitob o‘qishdan, o‘z bilimi va tajribasini oshirishdan aslo charchamaydi. Muqaddas opaning shaxsiy kutubxonasida 2000 dan ziyod turli badiiy va ilmiy adabiyotlar jamlanmasi mavjud.

O‘z kasbiga sidqidildan mehr qo‘yib, kelajak avlodning nafaqat bilimini, balki, dunyoqarashini ham o‘stirishga, ularga kasb va hunar o‘rgatib, iste’dodini yuzaga chiqarishga hissa qo‘shayotgan bu ayol oilada onalik vazifasini ham bekamu-ko‘st bajarib kelmoqda. Shogirdlari bilan shug‘ullanib bo‘lgach, tandirda non yopadi, tomorqa ishlari bilan shug‘ullanadi, sigir sog‘adi. Turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda barpo qilgan mo‘’jazgina bog‘da yoz va kuz faslining sarxil mevalarini terib qishga ozuqa g‘amlaydi. Mehnatdan qo‘llari aslo charchamaydi. O‘z mehnating bilan topgan non dunyodagi eng totli ne’mat ekanligini biladi. Asosiysi, u o‘zini dunyodagi eng baxtli inson, deb biladi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA