Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining eng cheka “Beltov” ovul fuqarolar yig‘inida “Borshitov” oilaviy poliklinikasi binosi 500 million so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Oilaviy poliklinikaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yangi oilaviy poliklinikalar tashkil qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasini, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish, aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Avvallari tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun aholi qo‘shni ovuldagi poliklinikaga borib qaytadigan bo‘lsa, endilikda o‘z hududida barcha sharoitlarga ega muassasada malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Ochilish marosimidan so‘ng yig‘ilganlar poliklinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA