Misr ehromlarining siri uzoq yillardan buyon ko‘pchilikni qiziqtirib keladi. Hatto ba’zi tarixchilar orasida “Yer yuzidagi barcha tirik mavjudotlar vaqtdan qo‘rqadi, vaqtning o‘zi esa – piramidalardan” degan ibora yuradi. Biroq hech kim bu ulkan “tog‘”larning nega qurilganiga aniq javob bera olmaydi. Xo‘sh, Misr ehromlari insoniyat mahsulimi yoki…?
Asrlar mobaynida bahaybat toshli osori atiqalar hali hamon yer yuzida savlat to‘kib turibdi. Hanuzgacha ular insoniyat uchun jumboqligicha qolmoqda. Ba’zilar ularni o‘tmish sivilizatsiyalarining yashirin nomalari, yana birlari piramidalarni o‘zga sayyoraliklarning “ijod mahsuli” deyishsa, qolganlar ushbu ulkan mo‘’jizalarning paydo bo‘lish tarixini afsonaviy Atlantida bilan bog‘lashga harakat qilishadi.
Eramizdan avvalgi 3 minginchi yillarda fir’avnlar kuch-qudratga to‘lib, 80-100 ming nafar odamni ishlatib, dunyoning eng uzun va sersuv daryosi bo‘yidagi Giza vodiysida birin–ketin piramidalar qurdira boshladi. Piramida aslida fir’avn uchun xilxonadir. Fir’avnlar bu yorug‘ olamdan ko‘z yumgach, juda katta boylik – oltin qoplangan xonalar, mo‘miyolangan tanasi solinadigan sarkofag va yaxlit oltin yombidan yasalgan niqob, behisob zebu-ziynatlar bilan qo‘shib dafn etilgan. Ularning aqidasiga ko‘ra, vaqti kelib fir’avn tiriladi va yana hukmronlikni davom ettiradi. Odatda fir’avn xilxonasini piramidani qurgan sanoqli usta va uning eng sodiq mulozimlari bilgan hamda ularning barchasi dafndan so‘ng ixtiyoriy o‘limga mahkum edi. Fir’avn uchun jon fido qilmoqlik u bilan yana dunyoga qayta kelish kafolati deb inonilar edi.
Piramidalarning ichida maxsus xonachalar bo‘lib, bu shaxsan “quyosh o‘g‘li”ning o‘ziga atalgan. Chunki, fir’avn vafotidan so‘ng jasadi shu xonalardagi maxsus sarkofaglarda saqlangan. Ehromning ichiga beshta maxsus qurilgan yo‘lakchalar orqali kirish mumkin. Ammo ulardan faqat bittasigina sizni fir’avn qabri joylashgan xonasigacha olib boradi. Ehrom ichidagi yo‘laklar sizning fir’avn sarkofagigacha bora olmasligingiz uchun atay qurilgan. Sababi sarkofag atrofidagi behisob boyliklarning talanishi mumkinligi o‘sha davrdayoq me’morlarni o‘ylantirgan. Noto‘g‘ri yo‘lakchalarning oxiri yo‘q. Xuddi labirint singari ulkan ehrom ichida chiqish yo‘lini topa olmay halok bo‘lishingiz hech gap emas.
Ko‘rsatuvning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Internet materiallari asosida O‘tkir Mirzo tayyorladi.
Videomuhandis Iskandar Ismat,
O‘zA