Mamlakatimizda har yil 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni ko‘tarinki kayfiyatda, bayramona ruhda nishonlanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu bayram ta’sis etilishi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini juda quvontirdi.
Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yurtimizda 27-30 iyul kunlari Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.
Bugun festival doirasida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli kino san’ati saroyida “Do‘stlik” videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadini ko‘zlaydi. Ayni jarayonda asosiy e’tibor respublikamizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, dunyo mamlakatlari, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan samimiy do‘stlik, ahil qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangan munosabatni rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, yosh avlod ongida millatchilik, radikalizm, ekstremizm, ksenofobiya g‘oyalari va boshqa tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish orqali yurtimiz imijini yanada oshirish ham tashkilotchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Tanlov do‘stlik mavzusi tarannum etilgan eng yaxshi rolik, millatlararo totuvlik aks etgan eng yaxshi ko‘rsatuv, reportaj, film nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi. Hakamlar hay’ati tomonidan respublikamizning barcha hududlaridan 123 ijodiy ish qabul qilindi.
Natijalarga ko‘ra, “Do‘stlikni tarannum etuvchi eng yaxshi rolik” nominatsiyasi bo‘yicha Ravshan Mirzabekov “Bag‘rikeng o‘zbegim” roligi bilan birinchi o‘rinni egalladi. Elyor To‘laganov “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” roligi uchun ikkinchi, Shahnoza Qalandarovaning “Ikki tilli bir elmiz” nomli roligi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Millatlararo totuvlik aks ettirilgan eng yaxshi ko‘rsatuv, reportaj, film” nominatsiyasi bo‘yicha Abduazim Ilhomjonovning “Uy” filmi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Rita Pak “Koreysы v Uzbekistane” ko‘rsatuvi uchun ikkinchi, Bektosh Azimov “Ozarboyjon milliy madaniy markazining yubileyi” ko‘rsatuvi uchun uchinchi o‘rinda qayd etildi.
Tanlovga yuborilgan ijodiy ishlarni munosib taqdirlash maqsadida 5 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ham belgilangan.
Har ikki nominatsiyada g‘olib chiqqan 1-o‘rin sohiblari 25 million so‘m, 2-o‘rin egalari 20 million so‘m, hamda 3-o‘rinni egallaganlar 15 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Rag‘batlantiruvchi o‘rin sohiblariga 10 million so‘mdan berildi.
Tanlovda e’tirof qilingan ijod namunalari yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Go‘zal Sattorova,
Muhammad Amin (surat), O‘zA