Haqiqiy do‘stlik oltindan qimmat deydilar. Mamlakatimiz diniy bag‘rikenglik va millatlararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos tajribaga ega. Jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Boshqa millatlarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish – o‘zbek xalqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamjihatlik sharoitida yashab kelishmoqda. Ularning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, an’ana hamda qadriyatlarini saqlash, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e’tibor natijasida ko‘p millatli xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi qayta tiklandi va qadr topdi.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigi ham yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillariga o‘ziga xos hurmat ifodasi ramzi bo‘ldi deya ayta olamiz.
Har qanday millat, u naqadar kichik bo‘lmasin, insoniyatning boyligidir. Uning tili, madaniy va boshqa xususiyatlarining yo‘q bo‘lib ketishi yer yuzidagi madaniy va genetik fondning, shaxs imkoniyatlarining qashshoqlashuviga olib keladi. Shu jihatdan har bir etnik birlikni saqlab qolish – bizning ham vazifamiz ekanligini anglashimiz lozim.
Insoniyat uchun eng katta boylik tinchlikdir, tinchlikning manbai esa hamjihatlikdir. O‘zaro totuvlik va do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari barqaror go‘shadagina inson emin-erkin yashaydi, har qanday orzusiga erishadi. Shu jihatdan qaraganda, bizning eng katta boyligimiz, eng asosiy yutug‘imiz, hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, avvalo, Vatanimiz osmonining musaffoligi, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo ahillik va hamjihatlik, do‘stlik va birdamlik muhitidir.
Bu ne’matlarning qadriga yetish hamda turli millat va elatlar vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotgan Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, kimligimizdan qat’i nazar, barchamizning muqaddas burchimizdir.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA