Joriy yilning 7 fevralida mamlakatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan va ana shu dastur bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur qaror “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida soha xodimlari uchun yozgi maktab tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, sudyalar, Xalqaro yuristlar komissiyasi maslahatchilari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumki, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jamiyatda har bir shaxsning o‘z huquqlaridan tashqari boshqalarning huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish hamda bu boradagi qadriyatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Yozgi maktabni tashkil etishdan maqsad, tinglovchilarning inson huquqlari sohasidagi bilim va malakalarini yanada oshirishdir, -deydi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori Hojimurod Isoqov. – Yozgi maktab davomiyligi joriy yilning iyul-avgust oylariga mo‘ljallangan bo‘lib, uning tinglovchilari sifatida sudyalar va prokurorlar jalb qilingan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yozgi maktabda xalqaro va milliy ekspertlardan iborat yetakchi mutaxassislar guruhi o‘quv mashg‘ulotlari olib boradi. O‘quv kursi yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.
O‘tkir Alimov,
Abror Sodiqov (video), O‘zA