Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 16 ta, shuningdek Nukus shahri va Xo‘jayli tumanida yangidan tashkil etilgan 2 ta ixtisoslashtirilgan maktabga kirish imtihonlari davom etmoqda.
Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash va tarbiyalash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” gi farmoni asosida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etildi. Ushbu maktablarga qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Kirish imtihonlari Nukus olimpiya va paralimpiya kollejining ikkita, Qoraqalpoq davlat universitetining ikkita binosida hamda Respublika o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lib o‘tmoqda. O‘quvchilarga berilgan topshiriqlarni bajarish uchush 90 daqiqa vaqt beriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha imtihonlarda umumta’lim maktablarining jami 9 ming 558 nafar o‘quvchisi ishtirok etmoqda. O‘quvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Binolar sovutgichlar, axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan. Imtihon jarayonlari tegishli soha vakillari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
– Savollar o‘ylaganimdek murakkab emas ekan, barcha savollarga javob berib chiqdim, – deydi Nukus shahridan Shahnoza Maratova. – Kirish imtihonlariga ustozlarim bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rdim. Chet tillariga qiziqaman. Ixtisoslashtirilgan maktabga kirib, bilimimni yanada orttirmoqchiman.
Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari uch kun davom etadi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA