Poytaxtimizda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruv akademiyasi hamkorligida “Ayollarning davlat xizmatidagi o‘rni: zamonaviy tendensiyalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizda mustahkam qonuniy asoslar yaratildi.
Joriy yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga muvofiq, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, yaratilgan meritokratiya tamoyiliga ko‘ra, har qanday davlat xizmatchisi, jinsidan qat’i nazar, o‘z qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq lavozimda ko‘tarilishi mumkin.
Zamonaviy jamiyatni demokratlashtirish ayollarning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishini taqozo etmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetdi.
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda boshqaruv xodimlari tarkibida ayollarning ulushi 28,2 foizni tashkil etmoqda. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyati (38,8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (34 foiz), Farg‘ona viloyati (32,7 foiz) qayd etilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolarining 24 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 25 foizi ayollardir.
Yurtimizda barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi.
Bugungi kunda respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida jami 241 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 2 nafari rahbar, 9 nafari rahbar o‘rinbosari, 14 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, 4 nafari tuman (shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosarlari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni lavozimlarga tavsiya etishga qaratilgan “ijtimoiy lift” tizimi yaratildi. Xususan, siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan tashabbuskor rahbar xotin-qizlar saralanib, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning davlat xizmatidagi ishtirokini kengaytirish, xotin-qizlar uchun davlat xizmatiga kirish jozibadorligi va ish rejimi qulayligini oshirish, ayollarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, onalik ta’tilida bo‘lgan ayollarni kasbga, qayta o‘qitishni tashkil etish, oilaning farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyatini uyg‘unlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, xotin-qizlarning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishida mavjud gender stereotiplarini yo‘q qilishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Konferensiyada xotin-qizlarning davlat xizmatidagi o‘rni hamda davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda, dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda ishtirokini yanada kengaytirish, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA