Hindistonda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchisi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Qit’aning eng umidli og‘ir atletikachilari ishtirok etayotgan chempionatning ikkinchi kunida terma jamoamiz a’zosi Miraziz Mirsobirov o‘smirlar o‘rtasida 55 kilogramm vazn toifasining siltab ko‘tarish mashqida 125 kilogram toshni bo‘ysindirib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

Hamyurtimiz dast ko‘tarish mashqida 102 kilogramm va ikki kurash natijasiga ko‘ra, 227 kilo natija qayd etdi va umumiy hisobda 4-o‘rindan joy oldi.

Bugun, 30 iyul kuni chempionat musobaqalari qizlar o‘rtasida 49 va 55 kilo og‘irliklarda bo‘lib o‘tadi. Unda terma jamoamiz a’zolaridan Ziyoda Ramazanova, Shaxnoza Jabborova va Ziyoda Xudoyqulova o‘z omadlarini sinab ko‘radi.

Mamlakatimizning 36 nafar sportchisi ishtirok etayotgan qit’a chempionati 5 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA